Yupiter yaqinida gigant sayyoralar “fabrikasi” topildi
Olam
−
27 may 3838 2 daqiqa
Maks Plank jamiyatining Quyosh tizimini tadqiq qilish instituti olimlari Yupiter orbitasidan keyingi hudud sayyoralar va asteroidlarning qurilish bloklari bo‘lmish planetezimallar shakllanishidagi asosiy “fabrika”lardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Ushbu tadqiqot ishi “The Astrophysical Journal (AstroJournal)” jurnalida chop etildi.
Qariyb 4,6 milliard yil avval yosh Quyosh gaz va chang bilan qoplangan disk bilan o‘ralgan bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan chang zarralari bir-biri bilan to‘qnashib va yopishib, tobora yirikroq jismlarni — keyinchalik ulardan sayyoralar va asteroidlar shakllangan planetezimallarni hosil qilgan.
Tadqiqotchilar Quyosh tizimi yaralishidan 2–4 million yil o‘tgach sodir bo‘lgan jarayonlarni modellashtirgan. Bu vaqtga kelib Yupiter allaqachon shakllanib bo‘lgan va o‘z orbitasi bo‘ylab bo‘shliqni tozalab, gaz-chang diskida uzilish (yoriq) paydo qilgan edi. Uning ortida darhol gaz bosimi yuqori bo‘lgan hudud — chang zarralari va kosmik “toshchalar” to‘plana boshlaydigan o‘ziga xos “tuzoq” yuzaga kelgan.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan mana shu hudud planetezimallar tug‘ilishi uchun ideal joy bo‘lib chiqqan.
“Planetezimallarning turli tiplari ilk gaz-chang diskining bir xil hududida, ammo turli vaqtlarda shakllangan ko‘rinadi. Yupiter orbitasidan keyingi hudud buning uchun ajoyib sharoitni ta’minlab bergan”, deya tushuntirdi tadqiqot rahbari Yoanna Dronjkovska.
Modellashtirish natijalari dastlabki planetezimallarning qoldiqlari hisoblangan qadimiy meteoritlar — uglerodli xondritlar bo‘yicha olingan ma’lumotlarga ham mos keldi. Bu meteoritlar tarkibida Quyosh tizimi shakllana boshlagan davrdan buyon deyarli o‘zgarmay qolgan moddalar mavjud.
Moddalar nisbatining o‘zgarishi
Olimlar Yupiter ortidagi “chang tuzog‘i”da ikki turdagi moddaning nisbati bosqichma-bosqich o‘zgarib borganini ko‘rsatgan. Bular: mort, mayda donali material hamda tizimning issiq hududlarida vaqtliroq shakllangan zichroq fragmentlar. Vaqt o‘tishi bilan bu holat turli tarkibga ega bo‘lgan planetezimallarning bir necha avlodi paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Dastlabki o‘zgarishlar taxminan 500 ming yildan keyin boshlangan: yumshoq material miqdori avvaliga kamaygan, so‘ngra keyingi bir million yil davomida yana o‘sgan. Keyinchalik bu hududda kosmik jismlarning ikkita alohida populyatsiyasi paydo bo‘lgan — ularning birida mort moddalar, ikkinchisida esa zichroq moddalar ustunlik qilgan.
Mualliflarning fikricha, Yupiter orbitasi ortida nafaqat uglerodli xondritlarning ajdodlari, balki undan ham avvalroq paydo bo‘lgan meteoritlarning boshqa turlari ham shakllangan bo‘lishi mumkin.
“Bizning Quyosh tizimimizda chang tuzoqlari planetezimallar tug‘ilishi uchun eng ma’qul ko‘rilgan joy bo‘lganiga ishonchli dalillar bor”, deydi Dronjkovska.
Live
Barchasi