Koinot qachon va qanday yakun topadi? 

Bu qiziq

image

Koinotning taqdiri ilm-fandagi eng sirli savollardan biri bo‘lib kelgan. Bu yo‘nalishda mutaxassislar ham javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq ekanini tan oladi. Bu haqdagi tadqiqot BBC’da e’lon qilindi.

NASA ma’lumotiga ko‘ra, u fazoning to‘liq hajmini, moddani (joy egallaydigan va massaga ega bo‘lgan barcha narsani), energiyani va hatto, vaqtning o‘zini ham qamrab oladi. Uning qanday paydo bo‘lgani esa astronomlarning “Buyuk portlash” nazariyasiga borib taqaladi.

Bu nazariyaga ko‘ra, taxminan 13,8 milliard yil avval koinot nihoyatda issiq va zich holatda bo‘lgan va shundan beri kengayib kelmoqda. Koinot kengaygani sari vaqt o‘tishi bilan galaktikalar, yulduzlar va sayyoralar shakllangan. Va koinot kengayishda davom etmoqda.

“Bizning ishimiz daryoning butun oqimini kuzatishga o‘xshaydi, ammo undan o‘tadigan suv molekulalarining har birini batafsil o‘rganolmaymiz”, deydi Braziliyadagi Santa Katerina federal universitetining fizika professori Alexandr Zabot.

Koinotning oxiri haqidagi uch nazariya

1. Buyuk muzlash. Angliyadagi Grinvich qirollik observatoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, agar koinot kengayishda davom etsa, energiya tobora tarqalib boradi va galaktikalar bir-biridan uzoqlashadi. Vaqt o‘tishi bilan yangi yulduzlar “tug‘ilmaydi”, mavjudlari esa so‘nib boradi. Observatoriya trillionlab yillar o‘tib, koinot asta-sekin qorong‘ilashishi va nihoyat sovuq, deyarli bo‘sh holatga kelishini ma’lum qilgan. Bu gipoteza “Buyuk muzlash” yoki “Issiqlikning o‘limi” deb ataladi. Bu g‘oya oxir-oqibat barcha atomlar termal muvozanatga (har joyda bir xil haroratga) erishadi va harakat deyarli to‘xtashini anglatadi.

“Bularning barchasi koinot tobora bo‘sh, sovuq va uzoqroq bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Galaktikalar bir-biridan yanada uzoqlashmoqda, yulduzlar esa qarib, so‘nadi. Bu koinot go‘yo qabristonga aylangan yakuniy holatdir”, deya tasvirlagan Braziliyadagi Sao Paulo Universiteti fizika instituti dotsenti Raul Abramo.

2. Buyuk yirtilish. Agar buyuk muzlash ssenariysi yetarlicha dahshatli tuyulmasa, undan ham dramatik ehtimol mavjud. Bu nazariya koinotning qorong‘i energiya ta’sirida tobora tezlashib kengayib borishi g‘oyasiga asoslanadi. Agar bu jarayon davom etsa, kengayish shunday darajaga yetishi mumkinki, gravitatsiya hech narsani bir butun holda ushlab tura olmaydi. Bu gipoteza “Buyuk yirtilish” deb ataladi. NASA ta’rifiga ko‘ra, gravitatsiya jismlarni markazga tortadigan kuch bo‘lib, sayyoralarni Quyosh atrofida ushlab turadi va koinotdagi tizimlarni birlashtiradi. Qorong‘i energiya esa aksincha, itaruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar uni anti-gravitatsiya deb ham ta’riflaydi. NASA 1990 yillarning oxirlarida koinotning taxminan 68,3-70 foizi qorong‘i energiyadan iborat bo‘lib, aynan shu energiya koinotning tobora tezlashib kengayishiga sabab bo‘lishini aniqlagan. Buning bunchalik kech aniqlanishining sababi gravitatsiyaning odamlar, sayyoralar va hatto, galaktikalar miqyosida ustun kuch ekanidir. Qorong‘i energiya esa faqat juda katta galaktikalararo miqyosda sezilishi mumkin.

“Koinot kengayib, uning hajmi ortib borgani sari qorong‘i energiyaga bog‘liq itaruvchi kuch ham kuchayadi. Koinot kengaygani sayin qorong‘i energiya kichikroq miqyoslarda ham ta’sir ko‘rsata boshlashi mumkin”, deydi Zabot.

Agar qorong‘i energiya nazoratdan chiqsa, u yulduzlar, sayyoralar va hatto atomlarni ham parchalab yuborishi mumkin.

3. Buyuk cho‘kish. Yana bir pessimistik ehtimol ham mavjud. Agar qorong‘i energiya zaiflashsa yoki teskari ta’sir ko‘rsata boshlasa, gravitatsiya koinotni yana bir markazga tortishi mumkin. Bu jarayon NASA tomonidan Buyuk cho‘kish deb atalgan. Bu ssenariyda koinot o‘z ichiga cho‘kib boradi.

Boshqa bir nazariyaga ko‘ra, koinot yagona nuqtaga siqilgach, yangi Buyuk portlash orqali yana “qayta tug‘ilishi” mumkin. Bu Buyuk sakrash deb ataladi. Bu modelga ko‘ra, koinot cheksiz kengayish va torayish davriga tushib qolishi mumkin. Biroq Abramo bu borada ehtiyotkorlik bilan yondashib, bu juda g‘ayrioddiy model va hozircha uni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘qligini aytgan.

Xo‘sh, koinotning oxiri qachon?

Koinotning qachon yakun topishini bilish mumkinmi? Albatta, olimlar bu savolga aniq javob bera olmaydi. Abramo kelajakda buyuk yirtilish yoki katta siqilish bo‘lishini ko‘rsatuvchi hech qanday aniq belgi yo‘q ekanini ta’kidlagan. Zabot esa vaqt miqyosining tasavvur qilib bo‘lmas darajada katta ekanini bildirgan.

“Ba’zi taxminlarga ko‘ra, bu trillionlab yillardan keyin sodir bo‘lishi mumkin, boshqalari esa bundan ham uzoq vaqtni nazarda tutadi”, degan Zabot.

Koinot kamida 13,8 milliard yoshda ekanini hisobga olsak, u hali trillion yoshga yetishiga 986,2 milliard yil bor. Gollandiyadagi Radboud universiteti tadqiqotiga ko‘ra, koinot avvalgidan ham tezroq “yemirilmoqda”. Olimlar oxirgi yulduz qoldiqlari yo‘qolishi taxminan 10⁷⁸ (1 ning yoniga 78 ta nol qo‘yilgan) yil davom etishini hisoblashgan. Bu jarayonning biror bosqichiga insoniyatning guvoh bo‘lishi ehtimoli esa juda past. Yer esa ancha oldin yo‘q bo‘lishi kutilmoqda. Quyosh taxminan 6 milliard yildan so‘ng qizil gigantga aylanib, sayyoramizni yo‘q qilishi taxmin qilinmoqda.

Abramo ta’kidlashicha, kosmologiya haqida hali juda kam ma’lumotga egamiz va mavjud imkoniyatlar koinotni to‘liq o‘lchashni qiyinlashtiradi. Bu esa ko‘proq nazariy g‘oyalarga yo‘l ochadi. Ulardan biri bir nechta koinot mavjud bo‘lishi mumkin degan g‘oyadir.


Maqola muallifi

Teglar

Angliya ilm-fan NASA Koinot mutaxassislar yulduzlar energiyani sayyoralar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing