Yunusoboddagi “snos”: prokuratura o‘z xodimlariga kelganda qonunlarni unutib qo‘yadimi?
Jamiyat
−
29 yanvar 2022
9885Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Yunusobodning yangi hokimi ishni “snos”dan boshladi...mi?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingandi. Mazkur jurnalistik surishtiruv yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Gap shundaki, maqola va videoda 2018 yilning 24 avgust kuni Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov tumanning Moyqo‘rg‘on ko‘chasi 6-uy oldida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida 0,20 gektarli (chegara rejasiga asosan) “ASIA GAMMA LINE” MCHJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida yengil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi qarorni imzolagani, tadbirkorlar esa shu qaror asosida qurilish ishlarini olib borgani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari allaqachon ish boshlab, oradan vaqt o‘tgach, joriy yilning 25 yanvar kuni inshootlarni buzishga kirishilgani, “snos” jarayonida prokuratura, hokimlik vakillari tomonidan hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagani yozilgan edi.
Prokuraturaning holatga bildirgan munosabatida aytilishicha, tuman sektorlari rahbarlari tomonidan olib borilayotgan doimiy o‘rganishlar davomida, Yunusobod tumanida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan mahallalarda ijtimoiy va iqtisodiy masalalar kompleks o‘rganilmoqda, oxirgi yillarda qurilgan qurilmalar xatlovdan o‘tkazilmoqda.
“O‘rganishda, “ASIA GAMMA LINE” MCHJ ta’sischisi A.S.Nadjmitdinov Yunusobod tumani hokimi (sobiq) B.Abdusamatovning 24.08.2018 yilgi qarorini qalbakilashtirib va shu hujjatdan foydalangan holda, arxitektura-qurilish, davlat qurilishi nazorati, kadastr va boshqa idoralarning tegishli ruxsatnomalarini olmagan holda, noqonuniy ravishda umumiy maydoni 800 kv.m. dan iborat 14 ta do‘konlarni qurgan va ushbu qurilmalarga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda, fuqarolarga noqonuniy ravishda ijaraga berib kelgan”, deyiladi rasmiy izohda.
Shu munosabat bilan tuman hokimligi va mutasaddi idoralar tomonidan ushbu binolarni buzish choralari ko‘rilgan emish.
Qayd etilishicha, tuman hududida bu kabi aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan qo‘zg‘atilgan va jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilyapti. Mazkur jinoyat ishi doirasida fuqaro A.Nadjmiddinovni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
Shahar prokuraturasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha boshqa holat yuzasidan gumonlanayotgan Sh.Sh. ismli shaxs biron-bir hujjatlarsiz, loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlamagan holda, umumiy foydalanish maydoni 663 kv.m.li jami 14 ta do‘kon qurib, firibgarlik yo‘li bilan, hokimlik mansabdor shaxslari ko‘magida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish va’dasini bergan holda sotib, fuqarolar manfaatiga juda ko‘p miqdordagi zarar yetkazgan. Hozirda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bundan tashqari, noqonuniy qurilishlarga ruxsat bergani uchun Yunusobod tumani hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sh.Qo‘chqorov qamoqqa olingani ham ta’kidlangan.
“Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyilgan BP rasmiy munosabatida.
Masalaga munosabat bildirilgan yaxshi. Ammo munosabatning o‘ziga e’tirozlar bo‘lsa-chi? Saytimizda e’lon qilingan surishtiruvda prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy ekani aytilayotgan bino va inshootlarni o‘z bilganicha sud qarorisiz noqonuniy buzish ishlariga bosh-qosh bo‘layotgani so‘z borgan. Shahar prokuraturasidagilar esa masalaning bu jihatlariga e’tibor bermagan va bir tomonlama munosabat bildirgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev masalaga munosabat bildirib, qonunchilikka ko‘ra, noqonuniy bino va inshootlar qanday tartib buzilishi kerakligini tushuntirgandi hamda Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan “snos”ga bosh-qosh bo‘lgan xodimlariga nisbatan chora ko‘rishni talab qilgandi. Aftidan, qonun ustuvorligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Bosh prokuratura o‘z xodimlariga kelganida faoliyatining asosiy prinsipini unutib qo‘yadi, shekil.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Yunusobodda tadbirkorlar faoliyatiga bu tarzda to‘sqinlik qilish va bir necha soniyada yillar davomidagi mehnati evaziga qurgan binosining kunini ko‘kka sovurish birinchi marta uchrayotgani yo‘q. 2021 yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgan holat, uning ortidan o‘ziga berilgan hayfsandan xulosa qilmagan, hayotiy dars olmagan prokuratura xodimi Umid Azizov galdagi “snos”da ham bosh-qosh va bu safar ham tadbirkorlarga buzish haqida hech qanday rasmiy hujjatni taqdim etmagan. Atrofni o‘rab olgan huquq-tartibot organi – ichki ishlar xodimlari ham tadbirkorlarning huquqlari toptalayotgan joyda ularni himoya qilmay, aksincha, topshiriqqa ko‘ra, kuch ishlatib, qarshi chiqqanlarni mashinaga solib, idoraga olib ketgan. Qizig‘i shundaki, sentyabrda ro‘y bergan voqeada Umid Azizov qatorida ichki ishlar xodimlari ham bo‘lgan va ularga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Oradan 4 oydan ortiq muddat o‘tdi hamki, tekshiruv natijalari e’lon qilingani yo‘q.
Yunusobod tumani 6-mavzeda bo‘lgan "snos"dan aziyat chekkan tadbirkorlar faryodi va hokimlik vakilining izohini QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanali, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi