Yunusobod tuman XCHK va FRBda ayol pol tozalashga majburlandimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol pol artayotgani tasvirlangan surat tarqaldi. Uning oldida farzandi ham bor.

Suratga quyidagicha izoh keltirilgan:

“Yunusobod. Pasport stoli (tahr. Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi). Bugun (tahr. kecha, 18 iyun). 3-4 yosh bola sharbatni to‘kib yubordi va pasport stoli boshlig‘i onani bolasining ortidan tozalashga majburladi. Uni aynan majburlashdi. Ovozni balandlab. Bolasining ortidan o‘zi tozalasa boshqa gap. Yoki to‘g‘ri ovoz bilan so‘rash mumkin-ku. Baqirish nega kerak? Afsuski, video olishga ulgurmadik”.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ushbu post muallifi o‘z “manbasi”ga ishonib, axborotni tekshirish va ko‘plab guvohlar borligiga qaramay voqeaning bevosita ishtirokchilaridan uni o‘rganishga zarurat sezmagani qayd etilgan.

Toshkent shahar IIBB vaziyatni o‘rganish uchun guvohlarga murojaat qilgan.

“Koridordan o‘tib ketayotib, bola sharbat to‘kib yuborganini ko‘rdim. Bolaning onasidan farzandiga e’tiborli bo‘lishni so‘radim. Hech kim polni tozalashni so‘ramadi, vaholanki, ayol bolasining ortidan tozalayapti, qo‘rqinchli hech narsa ko‘rmayapman. Men faqatgina uning farzandi tashlagan axlatni olishni so‘radim va uning savoliga javob qaytardim”, degan Yunusobod tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i kapitan Azizjon Umarov.

Toshkent shahar IIBBning qo‘shimcha qilishicha, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida (va boshqarmada ham) farrosh uchun alohida shtat ajratilmagan. U yerda tartib va tozalik xodimlarning harakati bilan amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, suratdagi ayolni topishning hozircha imkoni bo‘lmagan. Negaki uning o‘zi pasport olish yoki almashtirish, ro‘yxatdan o‘tish yoki chiqish uchun murojaat qilmagan.

Ammo voqeaga guvoh bo‘lganlarning aytganlari bo‘lim boshlig‘i kapitan Azizjon Umarovning izohiga to‘la mos kelgan. Guvohlar Umarovni bo‘lim boshlig‘i ekanini bilishmagan ekan. Umarov ayoldan “Iltimos farzandingizga qarab turing”, deb murojaat qilgan ekan.

Shuningdek, IIBB ayolning suratiga qarab, uni kulib turganini ko‘rish mumkinligiga e’tibor bergan. Boshqarma tarqatgan xabarda aytilishicha, qo‘pollik qilingan va tozalashga majburlangan ayol bunday xotirjam va kulmagan bo‘lardi.


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobod tumani

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing