Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia bo‘yicha ayrim tafsilotlar oshkor qilindi

Jamiyat

image

2019 yilning 18 dekabr kuni soat 10:20 da Toshkent metropolitenining Yunusobod liniyasida qurilayotgan yangi bekat hududida qazilgan kotlovan yon tomoni o‘pirilishi sodir bo‘lgan edi.

Mazkur holat tinimsiz yog‘ingarchiliklar sababli sodir bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning 18 dekabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida soat 07:40 dan 15:50 gacha yog‘ingarchilik miqdori 12 mm.ni tashkil etgan, bu shaharning qolgan hududlariga nisbatan ko‘proq bo‘lgan. Voqea oqibatida qulab tushgan tuproq massasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli Samarqand yo‘li masofasining bir nafar xodimini va “SBK UNIVERSAL CONSTRUCTION GROUP”  MCHJ subpudratchi tomonidan qurilish ishlariga jalb etilgan besh nafar ishchini bosib qolgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” Axborot-tahliliy media markazi voqea yuzasidan ayrim tafsilotlarni oshkor qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga binoan tezkor ravishda hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish, yer usti va yerosti metropoliteni ob’ektlarida bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Hukumat komissiyasi tashkil etilgan.

2019 yilning 19 dekabridagi qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida yuqorida qayd etilgan barcha ishchilarning jasadlari topilgan va ular o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan manzillariga yetkazilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati va mahalliy hokimiyatlar tomonidan qurbonlarning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “SBK UNIVERSAL CONSTRUCTION GROUP” MCHJ rahbariyati tomonidan qurbonlarning oilalariga birlamchi tovon puli sifatida 100 million so‘mdan to‘lab berilgan.

Hukumat komissiyasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “SBK UNIVERSAL CONSTRUCTION GROUP” MCHJning vafot etgan 5 nafar xodimiga 261 mln 938,8 ming so‘mlik, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli Samarqand yo‘li masofasining vafot etgan xodimi oilasiga 281 million 62,8 ming so‘mlik bir martalik tovon puli to‘lash to‘g‘risida xulosa chiqargan. Ushbu bir martalik to‘lovlar marhumlarning oilalariga to‘lab berilgan. Ushbu mablag‘lardan tashqari, ularning oila a’zolariga har oyda quyidagi miqdorlarda oylik kompensatsiyalar to‘lab borilmoqda:

vafot etgan Anvar Diyarovning turmush o‘rtog‘i, bir o‘g‘li va ikki qiziga – 727,6 ming so‘mdan;

vafot etgan Davron Abdullayevning pensioner onasiga – 1212,68 ming so‘mdan ortiq;

vafot etgan Oybek Abdullayevning pensioner ota va onasiga, shuningdek o‘g‘li va qiziga – 606,34 ming so‘mdan;

vafot etgan Jonibek Ravshanovning nafaqaxo‘r otasi va onasi, qizi hamda turmush o‘rtog‘iga – 519,72 ming so‘mdan;

vafot etgan Zarif Karimov To‘lqinovichning uch qizi, bir o‘g‘li va turmush o‘rtog‘iga – 650,6 ming so‘mdan.

Xabarga ko‘ra, tovon pullari bolalar uchun 16 yoshgacha va qurbonlarning turmush o‘rtoqlariga ularning eng kichkina bolalari 3 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanadi. Ota-onalariga esa umrining oxirigacha to‘lanadi. Vafot etgan Ixtiyor Rahmatovning 4 kishidan iborat oilasida mehnatga layoqatli bo‘lmaganlar aniqlanmagan va oila a’zolariga kompensatsiya to‘lash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan to‘lanmaydi.

Qurilish ishlarining bajarilishi ustidan nazoratni susaytirgani uchun va bo‘ysunuvchi korxonalarda o‘lim bilan yakunlangan guruhli baxtsiz hodisani keltirib chiqargani uchun Qudrat Toshpo‘latovich Isayev, “Ko‘prikqurilish” trestining menejeri, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning joriy yil 22 yanvardagi №NOK–54-sonli buyrug‘i bilan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 99-moddasiga muvofiq, lavozimidan ozod etilgan.

Yunusobod yo‘nalishining yangi bekatlarida qurilish ishlari joriy yilning iyul oyida yakunlanib, joriy yilning avgust oyi oxirida foydalanishga topshirilgan. Axborotda yozilishicha, ushbu yo‘nalish foydalanishga topshirilgan kundan boshlab hech qanday kamchiliklar aniqlanmagan, barcha bekatlar va metro tunnellari belgilangan me’yor va standartlarga muvofiq ishlamoqda, yo‘lovchilar tomonidan etiroz va shikoyatlar kelib tushmagan.

Hodisa yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 257-moddaning 2-qismining “a” bandi va 258-moddasining 2-qismining “a” bandiga binoan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv davomida, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Ko‘prikqurilish” tresti 67-sonli ko‘prik qurilish ekipaji boshlig‘ining o‘rinbosari (qurilish uchun mas’ul) O. Alimov, otryad boshlig‘i S. Bobojonov, qurilish ishlari bo‘yicha otryad brigadasi S. Ashurov, “Toshkent metropoliteni” UKning Metropoliten liniyalarini qurish direksiyasi ishlab chiqarish bo‘limining qurilish-montaj ishlarida katta inspektori B. Muhammadrahimovlar 257-moddaning 2-qismi “a” va “b” bandlarida, 258-moddaning 2-qism alohida inobatga olingan belgilar mavjudligi aniqlangan. Shu bilan birga, ular ilgari sudlanmaganliklari va inobatga olingan holda, marhumlarning oila a’zolari tomonidan e’tirozlar mavjud emasligi shuningdek, ijobiy tavsifnomasi inobatga olinib, yuqorida qayd etilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobod fojiasi

Baholaganlar

233

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing