Yunusobod hokimi yordamchisi 35 ming dollar olayotganda qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Toshkent shahar Yunusobod tumani hokim yordamchisi 35 ming dollar, tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining Samarqand shahar bo‘linmasi mutaxassisi 35 ming dollar, Agrosanoat majmuisi nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tumani bo‘limi katta inspektori 50 ming dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan birgalikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs firibgarlik yo‘li bilan mahalliy tadbirkordan 35 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ushlandi. 

Ma’lum bo‘lishicha, u xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorga yengil tipdagi savdo do‘koni o‘rnatish uchun mahalla hududidan 50 metr kv. yer maydoni ajratilishi yuzasidan tavsiya berishni va yer maydoni hujjatlarini tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. 

Bu yo‘nalishda DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazgan. Jumladan viloyat tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining Samarqand shahar bo‘linmasi mutaxassisi chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkordan 35 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. 

Aniqlanishicha, u Norobod tumanidagi MCHJlardan biriga tegishli 78 gektar lalmi yer maydonini 135 ming AQSH dollar evaziga tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuisi nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tumani bo‘limi katta inspektori o‘ziga tegishli fermer xo‘jaligining 20 gektar yer maydonini 50 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. 

Yana bir holatda esa Pastdarg‘om tumanida yoshovchi, 1975 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zi ish boshqaruvchi vazifasida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligining 6 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 170 ming AQSH dollaridan 20 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya pora

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing