Yun Sok Yolni hibsga olish orderi bekor qilindi
Olam
−
07 mart
4777Bugun, 7 mart kuni lavozimidan chetlatilgan Janubiy Koreyaning prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish orderi bekor qilindi. Bu haqda Seul sudi qaroriga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Seul markaziy tuman sudi uning hibsga olinishi bo‘yicha orderni bekor qilib, siyosatchining ozod qilinishiga ruxsat bergan. Yun Sok Yol isyon tashkil etishda ayblangan edi. Biroq telekanalga ko‘ra, bu jinoyat Janubiy Koreyaning yuqori martabali amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiyani tergov qilish agentligi yurisdiktsiyasiga kirmaydi. Aynan shu agentlik uning hibsga olinishi bo‘yicha order so‘ragan edi. Bundan tashqari, unga qo‘yilgan ayblov uning hibsda saqlanish muddati tugaganidan keyin ilgari surilgan.
Prezidentning advokati Sok Don Xyonning tushuntirishicha, prokuratura apellyatsiya berish imkoniyatiga ega bo‘lgan muddat tugamaguncha Yun Sok Yol ozod etilmaydi.
“Sud qamoq jazosini bekor qilish bo‘yicha qaror chiqargan bo‘lsa-da, prezident darhol ozodlikka chiqmaydi. Seul markaziy tuman prokuraturasi yetti kun ichida apellyatsiya berishi mumkin. Agar ular bu huquqdan foydalanmasa yoki apellyatsiyadan voz kechsa, u ozod qilinadi”, dedi advokat.
Joriy yilning 15 yanvar kuni yuqori lavozimli amaldorlarning korrupsiyasini tergov qilish boshqarmasi Yun Sok Yolni Seuldagi qarorgohida qo‘lga oldi. U harbiy holat bilan bog‘liq voqealar tufayli konstitutsiyaviy tuzumga qarshi isyon uyushtirishda ayblangan edi. 19 yanvar kuni Seul g‘arbiy tuman sudi davlat rahbarini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.
28 fevral kuni prokuratura Antikorrupsiya ishlari boshqarmasiga tintuv o‘tkazish uchun keldi. Ular prezidentning hibsga olinishi va unga order berish jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirmoqchi edi. Yun Sok Yolning advokatlari boshqarma dastlab Seul markaziy tuman sudiga murojaat qilib, rad javobi olgani, keyin esa Seul g‘arbiy tuman sudiga iltimosnoma berganini ma’lum qildi. Prezident huquqshunoslari order Seul markaziy tuman sudidan olinishi kerakligini ta’kidlab kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 3 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etgan edi. U bu qarorini “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish” va “Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tahdididan qochish” istagi bilan izohladi.
Harbiy holat e’lon qilinishiga muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myon qarshi chiqdi va partiya a’zolarini parlament binosida to‘planishga chaqirdi. Keyinchalik parlament bu qarorni bekor qilish uchun ovoz berdi.
Shundan so‘ng, muxolifat prezidenti iste’foga chiqishga chaqirdi, Janubiy Koreya politsiyasi esa Yun Sok Yolga davlat to‘ntarishini tashkil etish aybi bo‘yicha tergov boshladi.
Bu orada Janubiy Koreya mudofaa vaziri iste’foga chiqdi va harbiy holat e’lon qilinishi aholida “tashvish va xavotir uyg‘otgani” uchun uzr so‘radi. Shuningdek, prezident administratsiyasi rahbari va yana 10 nafar yuqori martabali amaldor lavozimidan chetlatildi.
Oradan ikki kun o‘tib, Janubiy Koreya muxolifat partiyasi Yun Sok Yolga nisbatan impichment jarayonini boshladi. Biroq ovoz berish amalga oshmadi, chunki hukmron partiya deputatlarining aksariyati majlisni boykot qildi.
Keyinchalik prezident xalqqa murojaat qilib, bu qarorni “umidsizlikdan” qabul qilganini aytdi. Boshqa bir chiqishida esa impichment bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilmaguncha iste’foga chiqmasligini bildirdi. 14 dekabr kuni parlament Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, 31 dekabrda esa sud uning hibsga olinishi bo‘yicha order chiqardi.
Biroq yanvar oyi boshida politsiya prezidentni hibsga ola olmadi, chunki uning yuzlab tarafdorlari va xavfsizlik xizmati xodimlari tergovchilarni uning qarorgohiga kiritmadi. Ko‘p soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng, politsiya hibsga olish rejasidan vaqtincha voz kechishga majbur bo‘ldi. U faqat yanvar o‘rtalarida, ikkinchi urinishdan so‘ng hibsga olindi. Yanvar oxirida prokuratura lavozimidan chetlatilgan prezident Yun Sok Yolga rasmiy ayblov e’lon qildi.
LiveBarchasi