Yun Sok Yol yakka tartibdagi kameraga joylashtirildi

Olam

image

Hibsga olingan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol sudning rasmiy hibsga olish qaroridan so‘ng Seuldagi hibsxonaning 12 kvadrat metrli yakka tartibdagi kamerasiga joylashtirildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

“Yun Sok Yol gumonlanuvchilar uchun mo‘ljallangan dastlabki saqlash kamerasidan umumiy saqlash bo‘limiga o‘tkazildi. U tunni yaxshi o‘tkazgani haqida xabar oldim”, dedi Koreya Jazoni ijro etish xizmati bosh komissari Shin Yon Xe.

Ma’lumotlarga ko‘ra, prezident joylashgan kamera odatda besh yoki olti kishini sig‘dira oladi. Shin Yon Xe Yun Sok Yol hibsga olish jarayonida barcha rasmiy tartib-qoidalarga, jumladan, suratga tushish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishga rioya qilganini tasdiqladi. Shu bilan birga, prezident xavfsizligini ta’minlash maqsadida uning ishini alohida xodim nazorat qilayotgani qayd etildi.

“Yonhap” ma’lumotiga ko‘ra, hibsxonada prezident xavfsizligini ta’minlash uchun politsiya va Prezident xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu Yun Sok Yol tarafdorlari uni qutqarishga urinish ehtimoli sababli amalga oshirilmoqda.

Oldinroq prezident hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga urinishda ayblanganidan keyin uning tarafdorlari sud binosiga bostirib kirib, vayronagarchiliklar keltirib chiqargandi. Ular prezidentni hibsga olish qarorini qabul qilgan sudyalarni ham topishga uringan. Ushbu hodisalar oqibatida bir necha politsiya xodimi jarohat olgan. Politsiya bu tartibsizliklarda ishtirok etgan kamida 86 kishini qo‘lga olgan va ularga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.

Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, Yun Sok Yolni hibsga olishga order berdi. Orderga ega tergovchilar 3 yanvar kuni mamlakat tarixida birinchi marta prezident qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib borgan,  ammo tergovchilar Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha bo‘lgan besh soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng unga qarshi order ijrosini to‘xtatishga qaror qilgan. 7 yanvar kuni Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish uchun yana order berdi. 15 yanvar kuni huquq-tartibot idoralari Janubiy Koreya prezidentini fitna ishi bo‘yicha hibsga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing