Yun Sok Yol so‘nggi daqiqagacha taslim bo‘lmasligini aytdi

Olam

image

Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol o‘ziga nisbatan impichment e’lon qilinganidan so‘ng so‘nggi daqiqagacha taslim bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 14 dekabr kuni xalqqa qilgan murojaatida so‘z ochdi.

“Men hech qachon taslim bo‘lmayman. Men mamlakatim uchun oxirgi daqiqagacha tanqidlar, rag‘batlantirishlar va qo‘llab-quvvatlashni yodda tutgan holda barcha imkoniyatlarni ishga solaman”, dedi u.

Koreya rahbari, shuningdek, barcha sa’y-harakatlarining behuda bo‘lishi mumkinligidan afsusda ekanini bildirib, davlat xizmatchilarini qonun bo‘yicha impichment e’lon qilinganidan keyin prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladigan Bosh vazir Xan Dok Su bilan birlashishga chaqirdi va koreys xalqining xavfsizligini ta’minlashni so‘radi.

“Hozirgi paytda qiyin va og‘ir vaqt bo‘lsa ham iltimos, barchangiz o‘z vazifalaringizni qat’iyat bilan bajarib, pozitsiyalaringizga mos ravishda harakat qiling. Barchangizni prezident vazifasini bajaruvchining atrofida kuchlarni jamlab, xalqning baxti va xavfsizligi yo‘lida ishlarni davom ettirishga chaqiraman”, dedi Yun Sok Yol.

Xan Dok Su esa juda og‘ir mas’uliyatni his qilayotganini ta’kidlagan.

“Men fuqarolardan chin dildan uzr so‘ramoqchiman. Hozirda eng muhimi mamlakat ishlarida hech qanday bo‘shliq qolmasligi. Janubiy Koreyaning ichki va tashqi holati juda mushkul. Bizga katta mas’uliyat yuklangan. Buni birgalikda hal qilishimiz kerak. Shunda mamlakatimiz bu inqirozni yengib o‘tishi mumkin. Har biringizdan bu og‘ir vaziyatni hal qilishda o‘z hissangizni qo‘shishingizni kutyapman. Bizdan hukumatning uzluksiz ishlashini ta’minlashda yordam so‘raymiz”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya parlamenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish uchun ovoz bergan edi. Ovoz berishda barcha 300 deputat ishtirok etgan. Impichmentni 204 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. 85 kishi qarshi chiqqan, uch nafari betaraf, yana 8 ovoz esa haqiqiy emas deb topgan.

Endilikda Konstitutsiyaviy sud ish yuritishni boshlaydi va impichmentni tasdiqlash yoki Yun Sok Yolni qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ishni ko‘rib chiqish 6 oygacha davom etishi mumkin. Ya’ni sud 180 kun ichida uni prezidentlik lavozimidan ozod etish yoki uning vakolatlarini tiklashni aniqlashi mumkin. Agar u lavozimidan chetlatiladigan bo‘lsa, 2017 yilda sobiq prezident Pak Kin Xedan keyin hokimiyatdan chetlatilgan ikkinchi prezidentga aylanadi va 60 kun ichida uning o‘rinbosarini tanlash uchun milliy saylov o‘tkazilishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

impichment Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing