Kurs UZS

USD

12 920.44

5.44

EUR

14 252.54

295.3

RUB

153.52

-0.03

Yun Sok Yol prezidentlikdan butunlay chetlatildi

Olam

image

Janubiy Koreya prezidenti impichmenti Konstitutsion sud tomonidan yakuniy tarzda tasdiqlandi va Yun Sok Yol rasman lavozimidan chetlatildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Janubiy Koreya yetakchisi Yun Sok Yol tomonidan mamlakatda harbiy holat joriy qilishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan to‘rt oy o‘tib, Konstitutsion sud impichment to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi va davlat rahbarini lavozimidan butunlay chetlatdi.

Sakkiz nafar sudyadan iborat hay’at qaror chiqarish chog‘ida prezident o‘z qarori bilan Konstitutsiya, qonun ustuvorligi hamda demokratiya tamoyillarini buzganini ta’kidladi. Endi mamlakatda 60 kun ichida yangi davlat rahbari saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak.

Konstitutsion sud majlisi oldidan Janubiy Koreya politsiyasi Yun Sok Yol tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida to‘qnashuvlarning oldini olish uchun barcha resurslarini safarbar etganini ma’lum qildi. Shuningdek, Konstitutsion sud sudyalarini qo‘shimcha qo‘riqlash choralari ko‘rilgan.

Shu tariqa, Yun Sok Yol Janubiy Koreya tarixida impichment e’lon qilingan va lavozimidan chetlatilgan ikkinchi prezident bo‘ldi. Bungacha 2016 yilda Konstitutsion sud Pak Kyn Xe impichmentini ham tasdiqlagan edi. 2004 yilda esa parlament prezident No Mu Xyonni impichment qilgan, lekin Konstitutsion sud uni lavozimida qoldirgan edi.

Endi nima bo‘ladi?

Endi Janubiy Koreyada 60 kun ichida muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak. Saylovlar bo‘lib o‘tguncha Bosh vazir Xan Dok Su davlat rahbari vazifasini bajarishda davom etadi.

Janubiy Koreya prezidenti faqat bir marta besh yillik muddatga saylanadi va qayta saylanish imkoniyati yo‘q.

Prezidentlikka asosiy nomzod sifatida “Demokratik partiya” yetakchisi Li Djemyon ko‘rilmoqda. U avvalgi saylovda Yun Sok Yoldan atigi 0,2 foiz ovoz farqi bilan mag‘lub bo‘lgan. RealMeter tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, Li 49,5 foiz ovoz bilan prezidentlik poygasida yetakchilik qilmoqda. Hukmron “Xalq kuchi” partiyasidan asosiy raqib sifatida Mehnat vaziri Kim Mun Su tilga olinmoqda – u 16,3 foiz ovozga ega.

Shuningdek, prezidentlik uchun Tegu shahri meri Xon Chjun Pyo (7,1 foiz), sobiq adliya vaziri Xan Don Hun (6,7 foiz) va Seul meri O Se Hun (4,8 foiz) nomzod sifatida tilga olinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy qilishga uringan. Shundan so‘ng, parlament uni qo‘zg‘olonga urinishda ayblab, impichment e’lon qildi.   

Prezident o‘z vazifalarini bajarishdan chetlatildi, biroq uni lavozimidan butunlay olib tashlash uchun Konstitutsion sudning qarori zarur edi. Shu vaqtgacha Yun Sok Yol rasman Janubiy Koreya prezidenti sifatida qolayotgan edi.

U qo‘zg‘olonga urinish haqidagi ayblovlarni rad etib, o‘zining qarorini “siyosiy jihatdan asosli” deb atagan va u davlatni muxolifatdan himoya qilish uchun qabul qilinganini ta’kidlagan. Yunning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat hukumat ishini falaj qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

impichment Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing