Yun Sok Yol KXDRga Koreyalararo ishchi guruh tuzishni taklif qildi
Olam
−
15 avgust
2543Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol yarimorolning yapon mustamlakachiligidan ozod qilingan kun munosabati bilan fuqarolarga murojaati chog‘ida KXDRga keng ko‘lamli masalalarni muhokama qiladigan Koreyalararo ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Bugun men janub va shimol hukumatlariga Koreyalararo ishchi guruh tuzishni taklif qilaman, bu organ keskinlikni kamaytirishdan tortib, iqtisodiy hamkorlik, gumanitar va madaniy almashinuvlar, tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishgacha bo‘lgan masalalar bilan shug‘ullanishi mumkin”, dedi Janubiy Koreya rahbari murojaatida.
Yun Sok Yol, shuningdek, KXDRni yadrosizlantirish evaziga Koreya Respublikasining yordamini nazarda tutuvchi tashabbusni eslatdi va Shimoliy Koreya yadrosizlanish yo‘lida qadam qo‘yishni boshlasa, Janub siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni boshlashini aytib o‘tdi.
Janubiy Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, birlashishga erishilmaguncha Koreya yarimorolining ozod etilishini to‘liq deb hisoblash mumkin emas. U Pxenyanni tashabbusga javob berishga chaqirdi.
“Butun yarimorolda yagona, erkin va demokratik, xalqqa tegishli davlat barpo etilsa, biz to‘liq ozodlik haqida gapira olamiz. Shimolda erkinlikka asoslangan birlashish o‘z hayotlarini yaxshilashning yagona yo‘li ekaniga va yagona Koreya Respublikasi ularni qabul qilishiga ishonadigan odamlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, erkinlikka asoslangan birlashish tarafdorlarining bazasi shunchalik kuchli bo‘ladi”, degan Prezident Yun Sok Yol.
Shuningdek, Yun Sok Yol KXDRda axborot olish huquqini ta’minlashga va’da berdi va Erkinlik va inson huquqlarini himoya qilish jamg‘armasini tashkil etish rejasini e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, 1945 yil 15 avgustda Yaponiyaning Koreya yarimoroli ustidan mustamlakachilik hukmronligi tugatilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda “Bloomberg” Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi faraziy keng ko‘lamli urushning birinchi yili jahon iqtisodiyotiga 4 trillion dollar zarar keltirishi mumkinligi va bu jami jahon yalpi ichki mahsulotining 3,9 foizini tashkil qilishi haqida xabar bergandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi