Yo‘lovchi bomba haqidagi hazili uchun reysdan qoldirildi
Olam
−
18:16 325 2 daqiqa
Kecha, 3 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida yo‘lovchi sumkasida bomba bo‘lishi mumkinligi haqida hazil qilgani uchun Olmaota – Aqtau reysidan olib qolindi. Bu haqda “TengriNews” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi aviakompaniya dalolatnomasi asosida transport politsiyasi xodimlari tomonidan reysdan olingan. Bunga uning qozoq tilida aytgan “Bu sumkada qo‘rg‘oshinmi yoki bomba bormi?” degan gapi sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng, transport politsiyasi va aviatsiya xavfsizligi xodimlari yo‘lovchi hamda uning bagajini tekshirgan. Tekshiruv natijasida portlovchi moddalar yoki boshqa taqiqlangan buyumlar aniqlanmagan. Hodisa sabab aeroportda evakuatsiya o‘tkazilmagan va havo bandargohi odatdagidek ishlagan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchi mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Holat bo‘yicha tuzilgan material sudga yuboriladi. Transport politsiyasi yo‘lovchilarni samolyot bortida xavfsizlikka tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan gaplarni, hatto hazil tariqasida ham aytmaslikka chaqirgan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 273-moddasiga ko‘ra, terrorchilik akti yoki boshqa xavfsizlik tahdidi haqida bila turib yolg‘on xabar berish uchun 5000 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichigacha jarima, majburiy jamoat ishlari yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota xalqaro aeroportida O‘zbekiston fuqarosi “sumkamda bomba bor” deb hazillashgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi