Yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlagan tadbirkorga jarimaning qancha qismi berilishi aniq bo‘ldi
Jamiyat
−
08 fevral 2021
11785Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan:
• tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi;
• maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasi;
• yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarga qo‘yiladigan umumiy texnik talablar;
• elektron auksion savdolariga qo‘yish uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi)ni belgilash tartibi;
• tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar hamda tegishli og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasining taqsimoti aks ettirilmoqda.
statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasi quyidagicha taqsimlanadi:
a) Tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasining:
• 25 foizi – tadbirkorlik sub’ekti hisobiga;
• 25 foizi – Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga;
• 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga;
• 20 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy byudjetiga;
• 10 foizi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini to‘laqonli joriy etish uchun yo‘naltiriladi;
b) Tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasining:
• 30 foizi – tadbirkorlik sub’ekti hisobiga;
• 25 foizi – Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga;
• 25 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy byudjetiga;
• 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo‘naltiriladi.
Mazkur qaror loyihasini joriy etish Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi talab qilmaydi.
Qaror loyihaning tasdiqlanishi natijasida:
• o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarining texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini ta’minlash, shu jumladan joriy elektr energiyasi va aloqa kanallari xarajatlarini qoplash tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mustaqil amalga oshirilishi;
• o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar kelgusida “Xavfsiz shahar” tizimi bilan majburiy integratsiyasi ta’minlangan holda Tadbirkorlik sub’ektlari balansida qoldirilishi;
• yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda fuqarolarning ishtiroki ta’minlanishi nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan qaror loyihasi bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari va yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga zamin yaratiladi.
LiveBarchasi