Yo‘llarda maxsus transportlar uchun alohida yo‘lak ajratiladi
Jamiyat
−
05 dekabr 2021
4634O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2025 yillarda O‘zbekistonda jamoat xavfsizligi tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Strategiyada respublikadagi avtomobil yo‘llarida jamoat va maxsus transportlar uchun alohida yo‘lak hamda zamonaviy veloyo‘laklar tashkil etish belgilandi.
Shuningdek, hujjatda quyidagilar nazarda tutilgan:
- transport vositalari va piyodalarni harakatlanishning to‘xtash va harakatlanish to‘g‘risida xabardor qilish uchun zamonaviy signalizatsiya tizimlarini joriy etish, yangi turdagi piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish;
- shahar va tumanlarning odamlar gavjum joylarida piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlarni o‘rnatish;
- yirik bozorlar atrofida ushbu bozorlardan tushadigan daromadlar hisobiga ko‘p qavatli yoki yerosti avtoturargohlar qurishni tashkil etish;
- ta’lim muassasalarida “Yo‘l harakati xavfsizligi darslari”, mahallalarda “Yo‘l harakati xavfsizligini o‘rganish platformalari”ni tashkil etish;
- maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini o‘rgatish tizimini joriy etish, yo‘llar, chorrahalar va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslari bo‘yicha amaliy va ko‘rgazmali mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.