Yulduzli tarkibga ega Portugaliya va Fransiya mag‘lubiyatga uchradi
Sport
−
21 mart
360321 martga o‘tar kechasi Yevropa Millatlar ligasi chorak finalidan o‘rin olgan Daniya-Portugaliya, Xorvatiya-Fransiya, Italiya-Germaniya va Niderlandiya-Ispaniya terma jamoalari o‘rtasida o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.
Xoylundning goli Daniyaga g‘alaba keltirdi
Yevropa Millatlar ligasi chorak final doirasidagi eng sensatsion natijalardan biri Daniyada qayd etildi va unda mezbon Daniya yulduzli tarkibga ega Portugaliyani 1:0 hisobida taslim etdi. O‘yinning 78-daqiqasida maydon egalari hujumchisi Rasmus Xoylundning kiritgan yagona goli uchrashuv taqdirini hal qildi. Xoylund mazkur golini Krishtianu Ronalduning uslubida uning ko‘z o‘ngida nishonladi. Shu tariqa, Daniya ilk o‘yinda g‘alaba qozondi va javob o‘yiniga yaxshi kayfiyatda boradigan bo‘ldi.
Mbappe va Dembelesi bor Fransiya kamtargina Xorvatiyadan mag‘lub bo‘ldi
Ushbu o‘yin oldidan yaqqol favorit Fransiya terma jamoasi edi. Garchi o‘yin Xorvatiyada bo‘lsa-da. Ammo xorvatlar kuchli raqibga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatdi. 26-daqiqada Anti Budimir va 45+1-daqiqada Ivan Perishichning kiritgan gollari yakunda Xorvatiyaga g‘alaba keltirdi. Modrich yetakchiligidagi terma jamoa Parijdagi javob o‘yiniga yaxshi kayfiyatda boradigan bo‘ldi.
Germaniyadan nemischa kambek
Muhtasham “San-Siro” o‘yingohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning 9-daqiqasida Sandro Tonali italyanlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi taym boshida Tim Kayndenst hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 76-daqiqada Leon Goretska nemislarga g‘alaba keltirgan golni kiritdi. Shu tariqa Germaniya terma jamoasi o‘z uyida bo‘lib o‘tadigan o‘yinga katta ustunlik hozirladi.
Amsterdamda jangovar durang
Amsterdamda o‘tgan Niderlandiya-Ispaniya o‘rtasidagi o‘yinda 2:2 hisobi qayd etildi. O‘yinning 9-daqiqaida Niko Uilyams ispanlarni hisobda oldinga olib chiqdi. 28-daqiqada Kodi Gakpo hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taym boshida Tijjani Reynders niderlandlarni hisobda oldinga olib chiqdi. 81-daqiqada mezbonlar futbolchisi Xato qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan vaqtda, ya’ni 90+3-daqiqada Mikel Merino Ispaniyani mag‘lubiyatdan qutqarib qoluvchi golga mualliflik qildi. Shu tariqa, Ispaniya o‘z uyida bo‘lib o‘tadigan bahsga xotirjam yetib keladigan bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Millatlar ligasi chorak final javob o‘yinlari Toshkent vaqti bilan 25 martga o‘tar kechasi 00:45 da bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi