XTV pnevmatik qurol masalasida OAVni shov-shuv ko‘tarishda aybladi
Jamiyat
−
22 fevral 2019
8297Avvalroq, Toshkentdagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisidan pnevmatik qurol topilgani, keyinroq, bu qurol plastik o‘yinchoq bo‘lib chiqqani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Unda shunday deyiladi:
“Ommaviy axborot vositalari (OAV) tomonidan 2019 yil 20 fevral kuni soat 09:30 da Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi sumkasidan MINI UZI IWI pnevmatik avtomat topilgani haqidagi xabar e’lon qilindi.
Mazkur holat maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan aniqlangan va maktab ma’muriyati mazkur holat bo‘yicha Yunusobod tuman IIBga murojaat qilgan. Qo‘shimcha surishtiruv ishlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIBga o‘quvchi va uning ota-onasi chaqirtirildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996 yil 27 fevraldagi 3-son qarori 2-bandiga muvofiq, pnevmatik qurol o‘qotar qurolga kirmasligi to‘g‘risida tushuncha berilgan va mamlakatimizda pnevmatik qurollar savdosiga hech qanday cheklov o‘rnatilmagan.
Vazirlik tomonidan maktab rahbarlariga ota-onalar bilan majlislar o‘tkazib, bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun tushuntirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Xalq ta’limi vazirligi ota-onalarni farzandlariga jamoat joylarida, jumladan, maktab hududiga bu kabi buyumlarni olib kelmasligi haqida tushuntirishlar berishga chaqiradi.
Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati OAV vakillarini bu kabi holatlardan shov-shuv yaratmaslikka chaqiradi”.
LiveBarchasi