Yo‘ldoshev: Sog‘liqni saqlash tizimida ayrim rahbarlar korrupsiyadan qutilolmayapti
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
6477Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.
Tadbirda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotgani, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan hali-beri qutilolmayotganini bu holat achchiq bo‘lsa ham, haqiqat ekanini aytib o‘tdi.
“E’tibor bering! So‘nggi ikki yilda tizimdagi 581 nafar xodimlar turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Tashvishlisi, ularning 114 nafari yoki har to‘rtinchisining sodir qilgan qilmishi korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Bu davrda 115 nafar tibbiyot xodimlari beparvolik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yib, shifokor degan nomga dog‘ tushirganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ta’kidlanishicha, bu xodimlar 50 ta holatda bemorga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatmagan, 24 ta holatda davolash ishlarini noto‘g‘ri olib borgan, 13 ta holatda jarrohlik operatsiyasini o‘tkazmagan yoki noto‘g‘ri o‘tkazgan, 7 ta holatda kasallikni barvaqt aniqlash chorasini ko‘rmagan.
“Eng achinarlisi, bunday qilmishlar oqibatida 27 nafar fuqaro og‘ir va o‘ta og‘ir tan jarohati olgan. Javobgarlikka tortilgan xodimlarning 3 nafari vazirlik va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, 49 nafari viloyat hamda 529 nafari tuman-shahar miqyosidagi muassasalarda faoliyat olib borgan”, deb qo‘shimcha qildi Yo‘ldoshev.
Jinoiy javobgarlikka tortilganlar, asosan, Farg‘ona (91 nafar), Andijon (80), Samarqand (77), Namangan (44), Qashqadaryo (33), Surxondaryo (32) va Xorazm (32) viloyatlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, tuman va shahar shifoxonalarida 306 ta yangi ixtisoslashgan bo‘limlar, 1200 ta tez yordam shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tez yordam brigadalari soni 818 tadan 1666 taga yoki ikki barobarga ko‘paytirildi, 1500 dan ortiq “tez yordam” mashinalari xarid qilindi.
LiveBarchasi