Yo yo‘l oching, yo yo‘ldan qoching! – Turizm qo‘mitasi Umra safarini erkinlashtirishni taklif qilyapti
Jamiyat
−
05 dekabr 2019
12397Avvalroq, xususiy turfirmalar orqali muqaddas Umra ziyoratini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoniga borgan 14 nafar o‘zbekistonlik Jiddadagi aeroportdan deport qilingani haqida xabar bergan edik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu voqeaga munosabat bildirib, o‘zbekistonliklarning Umra ziyoratiga bo‘lgan ehtiyoji Diniy qo‘mita tomonidan qondirilmayotgani, turli cheklovlar orqali muammolarni bartaraf etib bo‘lmasligi, aksincha, Umra ziyoratlarini bozor munosabatlari va fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda. Jumladan, qo‘mita bayonotida shunday deyiladi:
“Ta’kidlash joizki, eng avvalo, mamlakatimizda ushbu jabhada yillar davomida yig‘ilib qolgan va davom etib kelayotgan bu kabi muammoli masalalarni tizimli ravishda hal etish maqsadga muvofiq.
Jahon tajribasidan ma’lumki, ziyoratchilar uchun Umra safarlarini tashkil etish vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan talablar asosida xususiy sektor vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Birgina Turkiya (156 ta), Indoneziya (101 ta), Malayziya (71 ta) va qo‘shni Qozog‘iston (30 taga yaqin) mamlakatlarida qonunchilik bilan mustahkamlangan aniq tartib-taomil asosida turizm faoliyati sub’ektlari tomonidan Umra safarlari yuqori saviyada tashkil etib kelinadi. Buning natijasida esa, mazkur ziyoratni amalga oshirishga qodir bo‘lgan kishilarning yillab navbat kutishi, safar narxining asossiz ko‘tarilishi, fuqarolarning aylanma yo‘llar orqali ziyoratni amalga oshirishi va tadbirkorlik sub’ektlarining yashirin iqtisodiyot vakillari sifatida safarlarni tashkil etishi kabi noxush holatlarga barham berilgan.
O‘zbekistonda Umra safarlarini amalga oshirishni xohlovchilar sonining ko‘pligi hamda amaldagi tartib asosida ularning xohishi to‘laqonli qondirilmayotganligi sababli minglab fuqarolarimiz mavjud tartibni chetlab o‘tgan holda turizm tashkilotlari va boshqa vositachi shaxslar orqali muqaddas ziyoratlarini tashkillashtirishiga olib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 yilgi mavsumda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qancha fuqarolarimiz “Umra” ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsalar, deyarli shuncha fuqarolarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, BAA kabi mamlakatlar orqali Umra safarini amalga oshirishgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish faqatgina turli cheklovlarni o‘rnatish orqali emas, balki fuqarolarimizda muqaddas ziyoratlarni amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyojning kattaligini inobatga olgan holda, ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning mavjud tartibni chetlab o‘tishlarini oldini olish maqsadida Umra ziyoratlarini bozor munosabatlari va fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi”.
LiveBarchasi