Tur operatorlarga Umra ziyoratini tashkil etish talablari o‘zgarmoqda
Jamiyat
−
18 may
9663Endilikda O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining bugun, 18 may kuni bo‘lib o‘tayotgan ellik ikkinchi yalpi majlisida so‘z bordi.
Yalpi majlisda qayd etilishicha, keyingi yillarda fuqarolarning “Umra” ziyoratiga borib kelishida turli muammolarga duch kelish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlar “Umra” safariga ketish haqidagi reklamalarda berilayotgan va’dalarini bajarmayotgani, manzilga yetib borganda mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, ko‘p hollarda esa ziyoratchilar borish-kelishda samolyot reyslarining belgilangan sanadan kechikishi kabi holatlarni misol qilib keltirish mumkin.
Senatorlar muhokama qilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu kabi muammolarni bartaraf etishi aytilmoqda.
“Mazkur Qonun ziyoratchilar “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda ushbu litsenziya Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilishi hamda ushbu litsenziyani olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji belgilanmoqda”, deyiladi Senat saytida e’lon qilingan bildirishda.
Mazkur Qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo‘shimcha sifatida kiritilmoqda.
Bundan tashqari, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar qatoriga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Endilikda “Umra” tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning eng muqaddas amallarini emin-erkin va xavfsiz bajarishiga, bu borada huquq va erkinliklarining kafolatlanishiga, turli firibgarliklarning oldi olinishiga, eng muhimi mazkur jarayonda har bir fuqaro davlat himoyasida bo‘lishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
LiveBarchasi