Umraga ketib qaytmaganlar... “Panorama airways” mansabdori qamoqqa olindi
3-sahifa
−
07 fevral
33202O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va asosan Umra safariga reyslarni tashkil etishi ortidan tilga tushgan “Panorama airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdori qamoqqa olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Bunga aviakompaniya atrofidagi so‘nggi voqealar, xususan Umra safariga yuborilgan yo‘lovchilarning qaytib kelolmayotgani, Saudiya Arabistonida qolib ketgani, belgilangan reyslar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Transport prokuraturasi tomonidan o‘zbekistonliklarni Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy avikompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ammo Bosh prokuratura voizi gap aynan kim va qaysi aviakompaniya haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Uning qayd etishicha, jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, deydi Shamsutdinov.
Eslatib o‘tamiz, hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Umraga yo‘l olgan ko‘plab o‘zbekistonliklar Saudiya Arabistonida qolib ketgani, reyslar belgilangan muddatda amalga oshirilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Gap shundaki, Umra safarining tur xizmatlarini tashkil etish bilan “Gulbahor airways” tur operatori, reyslarni tashkil etish bilan “Panorama airways” aviakompaniyasi shug‘ullangan.
Reyslar bekor qilinishi ortidan “Gulbahor airways” tur operatori Saudiya Arabistonida qolib ketgan ziyoratchilarning yashash va ovqatlanishini bepul tashkil etgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ bilan gaplashgan bir nechta turistik kompaniya vakillari orasida aynan “Panorama airways” aviakompaniyasi bilan shartnoma tuzgan va aviaqatnovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani uchun shartnomani bekor qilganlar ham bor.
LiveBarchasi