“Yuksalish davri”. Prezident 7 ta milliy dasturni e’lon qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dastur amalga oshiriladi. Bu haqda bugun, 28 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda e’lon qildi.

Prezident bugun mamlakat tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turganini, taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini ta’kidlagan.

“Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, deydi davlat rahbari.

Mazkur davrni faqat xalqning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali bunyod etish mumkinligi qayd etilgan. Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dastur amalga oshiriladi.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovi qisqa muddatda 100 foizga yetkaziladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi. Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi. Mamlakatdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlari joriy etiladi. Ularda yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, qamrov 1 millionga yetkaziladi.

“Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi”, deydi Prezident.

Shuningdek, kelgusida kamida 10 ta universitetni TOP mingtalikka kiritish katta marra sifatida belgilandi.

Ikkinchi milliy dastur xalqning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi. Aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlari kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi. Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali  asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi. Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi. O‘zbekiston zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiriladi.

“Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish”, deydi davlat rahbari.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’ati saqlangan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi. Sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Yoshlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi. Kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizim yo‘lga qo‘yiladi.

“Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi”, deydi Prezident.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etilgan.

To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi. Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalarning qamrovi 100 foizga yetkaziladi.

“Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”, deydi Prezident.

Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lami 30 foizga yetkaziladi.

“Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi”, deydi mamlakat yetakchisi.

Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan. Huquqiy tarbiya maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlar qat’iy davom ettiriladi. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralari yanada kuchaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tariladi. Prezident odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi va tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘lishini ta’kidlagan.

Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

“Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi”, deydi davlat rahbari.

Tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi eng asosiy mezon sifatida belgilanadi. Prezident odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi va tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘lishini ta’kidlagan. Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

“Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi”, deydi davlat rahbari.

Tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

Yettinchi milliy dastur O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratiladi. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashayotgani qayd etilgan.

“Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan. Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishilgan. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlar yanada mustahkamlangan. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlarning soni qariyb 170 taga yetgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing