Yo‘qotilgan “prava”ni tiklash uchun imtihon topshirish talabi bekor qilindi

Jamiyat

image
“Prava”ni almashtirishni onlayn qilish rejalashtirilyapti north_east

“Prava”ni almashtirishni onlayn qilish rejalashtirilyapti

O‘zbekistonda yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun imtihon topshirish talabi bekor qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 20 iyul kuni qabul qilingan “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorda qayd etilishicha, yo‘qolgan milliy haydovchilik guvohnomasi (eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi yoki uning taloni)ning dublikati transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilik guvohnomalari ma’lumotlar bazasidan tekshirilgandan so‘ng imtihonlarsiz beriladi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra yo‘qolgan milliy haydovchilik guvohnomasining dublikati nazariy va amaliy imtihonlarni topshirgandan, shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari ma’lumotlar bazasi tekshirilgandan so‘ng berilardi. Vakolatli bo‘lim hujjatlari bilan tasdiqlangan o‘g‘irlik, yong‘in, tabiiy ofat va shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra yo‘qotish holatlari bundan mustasno edi.

Ma’lumot uchun, haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun ko‘rsatiladigan davlat xizmati narxi Yagona portal orqali topshirilganda — 270 ming so‘m, IIV YHXX tomonidan ko‘rsatilganda — 300 ming so‘mni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

haydovchilik guvohnomasi

Baholaganlar

215

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing