Haqorat uchun belgilanadigan jinoyat turiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin
Jamiyat
−
13 yanvar 2020
27456O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi (haqorat qilish)da nazarda tutilgan jinoyat ma’muriy huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilayotganligi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasida keltirib o‘tilgan.
Loyihaga asosan taklif etilayotgan tahrir quyidagicha,
140-modda. Haqorat qilish:
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
JKning 140-moddasidan haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi birinchi qism chiqarib tashlanmoqda.
Shuningdek, MJtKning 41-moddasini shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsituvchi huquqbuzarlikni bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi ikkinchi qism bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
41-modda. Haqorat qilish:
• (birinchi qism) Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
• (ikkinchi qism) Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi