O‘zbekistonda koronavirusdan oltinchi o‘lim qayd etildi
Jamiyat
−
21 aprel 2020
17217Bugun, 21 aprel kuni Namangan viloyatida koronavirusga chalingan yana bir bemor vafot etdi. Umumiy hisobda koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar olti nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 14 aprel kuni Namangang shahrida yashovchi Sh. yurak ishemik kasalligi, gipertoniya ikkinchi darajasi, aterosklerotik kardioskleroz, ikki tomonlama pnevmoniya va o‘tkir nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan edi.
Zudlik bilan o‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda COVID-19 koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. 73 yoshli (erkak) ushbu bemorning shu kungacha kunlik ahvoli mamlakatdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan.
Biroq kardiolog, virusolog, pulmonolog, terapevt, reanimatologlarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 1657 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 293 nafari sog‘ayib ketgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi