Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatini kengaytirish taklif qilindi
Jamiyat
−
11 dekabr 2020
3292Davlat soliq qo‘mitasi Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar haqida loyihani ishlab chiqdi.
Xususan, yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatini (Nizomning 4-bandi) quyidagilar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:
z) sement va maishiy elektr asboblari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar;
i) mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 50 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yoki ketma-ket keladigan 12 oylik davr yakuni bo‘yicha ushbu miqdordan oshgan to‘qimachilik klaster korxonalari.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi nizomga asosan yirik soliq to‘lovchilar toifasiga quyidagilar kiradi:
a) aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz to‘lanadigan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar;
b) tijorat banklari, tovar-xomashyo, fond va valyuta birjalari;
v) "Navoiy KMK" DK, "Olmaliq KMK" AJ hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar;
g) mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;
d) mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yoki ketma-ket keladigan 12 oylik davr yakuni bo‘yicha ushbu miqdordan oshgan yuridik shaxslar;
ye) uglevodorod hom ashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar, bundan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalari mustasno;
j) O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘idan yo‘lovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
LiveBarchasi