Yilning shov-shuvli intervyusi: Putin amerikalik jurnalistga Ukraina borasida nimalar dedi?

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi vaziyatni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishni istashini aytdi. Bu haqda u amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Ertami kechmi, biz kelishuvga erishamiz. Bugungi vaziyatda hatto g‘alati tuyulishi mumkin: xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar baribir tiklanadi. Bu uzoq vaqt talab etadi, lekin u tiklanadi. Bo‘layotgan voqealar ma’lum darajada fuqarolar urushining elementidir. Bugun g‘arbliklar urush rus xalqining bir qismini boshqasidan abadiy ajratdi, deb o‘ylaydi. Yo‘q. Aslida unday emas. Bir kun kelib qardoshlar albatta birlashadi”, deydi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda Ukraina bilan muzokaralar deyarli yakunlangan, biroq Kiyev barcha kelishuvlarni bekor qilgan.

“Muzokaralar o‘zining yuqori bosqichiga chiqdi, biroq ular deyarli to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, biz Kiyevdan qo‘shinlarni olib chiqqanimizdan so‘ng, yuqorida aytganimdek, boshqa tomon, Ukraina bu kelishuvlarni bekor qildi va G‘arb davlatlari – Yevropa hamda AQSHning Rossiya bilan oxirigacha kurashish haqidagi ko‘rsatmasiga quloq soldi", deydi Rossiya rahbari.

Putinning fikricha, Ukraina rasmiylari Vashington istagi bilan muzokaralardan bosh tortgan. U buni noto‘g‘ri qaror deb hisoblaydi.

“Ular Vashingtonning tavsiyasi noto‘g‘riligini tushungan bo‘lsa, undan voz kechsin, hech kimni ranjitmaydigan biror bahona topsin. Ular xatoga yo‘l qo‘ydi, endi to‘g‘rilashsin. Biz buning tarafdorimiz”, deydi u.

Putin Ukraina Prezidenti Rossiya bilan muzokaralarni qonuniy ravishda taqiqlaganini eslatgan. Shuningdek, Putin Zelenskiyni Rossiya bilan gaplashib olishni taqiqlovchi farmonini bekor qilishga chaqirdi.

“Mana shu farmonni bekor qilsin, tamom. Biz hech qachon muzokaralardan bosh tortmaganmiz. Biz doimo eshitamiz: Rossiya tayyormi, tayyor. Ha, biz rad etmadik! Ular ommaviy ravishda bosh tortdi. Mayli, farmonini bekor qilib, muzokaralarni boshlasin. Biz hech qachon buni rad etmaganmiz”, degan Putin.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Taker Karlson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing