Yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz – Mirziyoyev Namangandagi zargarlik korxonasiga bordi
Jamiyat
−
25 mart
9801Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 mart kuni Namangan viloyatiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib ko‘rdi. U yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“Gavhar grup” mas’uliyati cheklangan jamiyati Turkiya, Italiya, AQSH va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022 yilda ishga tushirildi.
Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.
Bildirilishicha, oltinni Tovar-xomashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablag‘ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilishi natijasida yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqqan. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.
Davlat rahbari korxonada ishlayotgan zargarlar bilan suhbatlashdi.
“Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olyapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanyapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilyapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratyapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha muloqot ham bo‘lgan.
Davlat rahbari shu yerda “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirgan.
Bu korxona yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqarish, 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 700 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
LiveBarchasi