Yil oxirigacha Nazarboyev nomi ustidan qizil chiziq tortiladi
Olam
−
30 iyun 2022 12379 2 daqiqa
Joriy yil oxirigacha Qozog‘iston parlamenti sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning Elboshi (millat yetakchisi) maqomi bo‘yicha o‘zgartirishlarni qabul qiladi. Bu haqda kecha, 29 iyun kuni ma’lum qilindi.
Avval xabar qilinganidek, 5 iyun kuni qozog‘istonliklar referendumda mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan 56 ta tuzatishni ma’qullash uchun ovoz berdi. Endi respublika parlamenti deputatlari qonunlarga o‘zgartishlar kiritishlari kerak. Majilis (parlament quyi palatasi) spikeri Yerlan Koshanovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgartirishlar yil oxirigacha qabul qilinadi.
“Biz kuzda ko‘rib chiqishni boshlaymiz. Yil oxirigacha ularni qabul qilishimiz kerak. Prezidentimiz oldimizga shunday vazifa qo‘ygan”, deydi u Orda.kz muxbiri bilan suhbatda.
Koshanov Nazarboyevning vakolatlari va maqomi haqidagi savollar hozir Adliya vazirligida ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Adliya vazirligida konstitutsiyaviy va boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Mazkur ishchi guruh doirasida masala ko‘rib chiqilmoqda”, deydi spiker.
Ayni paytda, uning so‘zlariga ko‘ra, idora hujjatni parlamentga hali jo‘natmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotadi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.
O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.
Live
Barchasi