Yigitlarning shaxsi aniqlandi, cho‘kishiga oid taxminlar ham bor
Jamiyat
−
26 iyul 2019
26210Avvalroq, ikki yigit Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ hodisaga aloqador ayrim ma’lumotlarni va yigitlarning shaxsini aniqladi.
Suvga cho‘kkani gumon qilinayotgan yigitlardan biri 1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev, ikkinchisi 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, yigitlarning Chorvoq suv omboriga cho‘kkan bo‘lishi haqidagi gumon-xabar 24 iyul kuni suv ombori hududidagi g‘avvoslar qutqaruv stansiyasiga kelib tushgan. Shundan so‘ng, shu kunning o‘zida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi G‘avvos qutqaruv xizmati va Tez harakat qilish Respublika ko‘p tarmoqli markazi g‘avvoslari tomonidan qidiruv ishlari boshlangan. Qidiruv ishlari bo‘yicha hozircha biror natija yo‘q.
FVVdan QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qilishlaricha, Chorvoq suv omborining chuqurligi inobatga olinib, qidiruv ishlariga suv ostini kuzatuvchi maxsus qurilma ham jalb etilgan.
Qidiruv ishlari bir necha kun davom etishi aytilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ham voqeaga daxldor ayrim ma’lumotlarni ochiqladi.
Unga ko‘ra, yigitlar oila a’zolari bilan birgalikda, Bo‘stonliq tumani, Nanay MFY, Nanay ko‘chasi, 86-uyga (dalahovliga) dam olish maqsadida kelib, dalahovlining orqa pastki tomonida joylashgan Chorvoq suv omboriga cho‘milish maqsadida tushib, baliqchilarning qayig‘iga o‘tirib, suv omborining qarama-qarshi tomonidagi qirg‘oqqa borib, cho‘milib yana yuqorida ko‘rsatilgan qayiqqa o‘tirib, dalahovli tomondagi qirg‘oqqa qaytib suzib kelayotgan vaqtida, ehtiyotsizligi oqibatida qayiq ag‘darilib ketishi natijasida, suvga cho‘kib ketib, bedarak yo‘qolgan.
Hozirda, holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi