Yigitlarni Ukrainadagi urushga yollagan sobiq prezidentning qizi iste’foga chiqdi

Olam

image

Janubiy Afrika Respublikasi Milliy assambleyasi deputati, Janubiy Afrika Respublikasi (Janubiy Afrika) sobiq rahbari Jeykob Zumaning qizi Duduzile Zuma-Sambudla 17 nafar janubiy afrikaliklarni Ukrainadagi janglarga yollagani haqidagi ayblovlar ortidan o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 43 yoshli Zuma-Sambudla o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan va politsiya bilan erkaklarni uyiga qaytarish uchun hamkorlik qilmoqda.

Noyabr oyining boshida Janubiy Afrikaning sobiq prezidentining yana bir qizi Nkosazana Zuma singlisi Duduzila ustidan politsiyaga ariza berib, uni janubiy afrikaliklarni yollashda ayblagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning singlisi va yana ikki nafari 17 kishini aldab, rus armiyasiga olib ketgan.

“Erkaklar Rossiyaga Jeykob Zumaning siyosiy partiyasi, “Millat nayzasi” qo‘riqchisi sifatida tayyorgarlik ko‘rish uchun ketayotganiga ishongan”, deya ta’kidlagandi Nkosazana.

Zuma-Sambudla yigitlarni frontga yuborilmaslikka ishontirgan bo‘lsa-da, Rossiyaga jo‘natilgan yigitlar oilalariga, telefon va bank kartalari olib qo‘yilgani va ular urush zonasiga olib ketilayotganini xabar bergan. Avgust oyidan beri ular oilalari bilan aloqa qilmagan.

“Bloomberg” avvalroq Janubiy Afrikaning sobiq rahbarining qizini Ukrainadagi urush zonasiga yollash bilan bog‘lagan edi. BBC Duduzile Zuma-Sambudla davlatga xiyonat aybi bilan tergov qilinayotganini xabar qildi. Agar aybdor deb topilsa, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Zuma-Sambudla, o‘z navbatida, u aldanib, qurbon bo‘lganini ta’kidlaydi. Janubiy Afrikaning sobiq prezidentining qizi qo‘shimcha qilishicha, u hech qachon jangovar yoki yollanma harakatlarda qatnashish uchun hech kimni jalb qilmoqchi emas.

Duduzile Zuma-Sambudla a’zo bo‘lgan Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Jeykob Zumaning “Millat nayzasi” partiyasi iste’foga chiqish aybni tan olishni anglatmasligini ta’kidlamoqda.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qayd etishicha, Kremlda Janubiy Afrika fuqarolarining urush zonasidan uylariga qaytishi so‘ralgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning ma’lum qilishicha, Rossiya Janubiy Afrikadan o‘z fuqarolarining Ukrainadagi harbiy operatsiya zonasida bo‘lishi bo‘yicha hech qanday so‘rov olmagan.

Jeykob Zuma Janubiy Afrikaning to‘rtinchi prezidenti bo‘lib, 2009 yildan 2018 yilgacha ushbu lavozimda bo‘lgan. Uning qizi hozirda Janubiy Afrika Milliy Assambleyasi a’zosi. Ikkalasi ham Afrika Milliy Kongressi (ANC) partiyasining sobiq vakillari edi, ammo uni tark etib, “Millat nayzasi” partiyasiga qo‘shildi.

Zuma prezidentlik davrida korrupsiya bo‘yicha tergovda ishtirok etishdan bosh tortgani uchun va sudga hurmatsizlik qilgani ortidan qamoqqa tashlangan. Keyinchalik u 2024 yilgi parlament saylovlarida uchinchi o‘rinni egallagan “Millat nayzasi” partiyasini tuzdi.

Zuma olti marta rasman turmush qurgan (u ko‘pxotinlik). “The South African” nashrining yozishicha, uning 20 ga yaqin farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatligiga nomzodning qizi va jiyani ovozlarni sotib olishda gumon qilinib, ularga qidiruv e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Dmitriy Peskov Mariya Zaxarova Janubiy Afrika Rossiya TIV Ukraina urushi Jeykob Zuma Duduzile Zuma-Sambudla Nkosazana Zuma Millat nayzasi ANC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing