Yigitlardan birining jasadi topildi
Jamiyat
−
30 iyul 2019
28166Xabaringiz bor, joriy yilning 24 iyul kuni oila a’zolari bilan birgalikda, Bo‘stonliq tumani, Nanay MFY, Nanay ko‘chasi, 86-uyga (dalahovliga) dam olish maqsadida kelib, dala hovlining orqa pastki tomonida joylashgan Chorvoq suv omboriga cho‘milish maqsadida tushgan uch yigitdan ikkisi suvga cho‘kib ketgan edi.
Bugun, 30 iyul kuni soat 12:10 da yigitlardan biri – Dilshod Rixsiboyevning jasadi suv ostidan topilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qildi.
Ayni vaqtda Rixsiboyevning jasadi huquq-tartibot organlariga topshirilgan. Hozirda, holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev va 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov va uning akasi Ahror Ilhomov qayiqqa o‘tirib, Chorvoq suv omborining narigi qirg‘og‘i tarafga o‘tishgan. U yerdan qaytayotganlarida suvda harakatlanayotgan katerlar sabab kuchli to‘lqin yuzaga kelgan. To‘lqin Ahror Ilhomov, Dilshod Rixsiboyev va Anvar Ilhomov o‘tirgan qayiqni ag‘darib yuborgan. Natijada Ahror Ilhomov suv ustiga chiqib olgan va suzib qirg‘oqqacha kelgan. Uni suvdan qirg‘oqqa oila a’zolari tortib olgan. 24 yashar Dilshod Rixsiboyev va 23 yashar Anvar Ilhomov qayiq ag‘darilgan mahal suvga g‘arq bo‘lgancha, qaytib chiqishmagan.
QALAMPIR.UZ`ga ma’lumki, yigitlarning ikkisi ham oilali. Anvar Ilhomovning esa bir nafar farzandi bor.
LiveBarchasi