Yig‘ishtirib oling. Yo‘qsa, biz sizni “yig‘ishtirib olamiz” – Turdimov do‘kondorlarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
24 noyabr 2023
42764Samarqanddagi to‘rt kunlik tekshiruvda 41 savdo shoxobchasi o‘rganilib, 1736 dona yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulot aniqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov vaziyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, do‘kondorlarni ogohlantirdi.
“Meni jahlim chiqqani – uch oylik bola iste’mol qiladigan bolalar ovqati ham muddati olti oylab o‘tib ketgani va uni xalqimizni aldab sotayotgani kechirib bo‘lmas voqelik. Hurmatli do‘kondorlar, do‘konni egasimisiz, oziq ovqat sotyapsizmi, noinsoflik qilmang va muddati o‘tgan mahsulotlarni sotmang. Yig‘ishtirib olib keting. Bo‘lmasa, biz sizni "yig‘ishtirib olishga" majbur bo‘lamiz. Ayniqsa, qo‘lda tayyorlanadigan pishiriqlarni ham, kelib chiqish manbasi yo‘q, sertifikatlanmagan, qadoqlanmagan, muddatlari yozilmagan narsalarni bulochka, tort deb sotib yotibdi", deydi hokim.
Shuningdek, Erkinjon Turdimov xaridorlardan mahsulot xarid qilishda ehtiyot bo‘lishini so‘ragan.
“Men butun samarqandliklarga murojaat qilmoqchiman. Nimaiki sotib oladigan bo‘lsangiz, sotib olayotgan narsangizning yaroqlilik muddatiga qarang. Chunki, do‘konlarimizda vijdonini "yutgan" sotuvchilar ham yo‘q emas ekan. Ayrimlar balki yaroqlilik muddati bir kun o‘tgan mahsulotni bilmay qolishi mumkin, ammo amal qilish muddatidan bir necha oy o‘tgan mahsulotlarni sotishyapti. Bir oy qolgan bo‘lsa ham yoki bir kun qolgan bo‘lsa ham olmang. “Mayli, farzandimga hech nima qilmaydi”, deyishingiz mumkin, lekin keyinchalik bu uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Ertaga cho‘ntagingizdagi bor pulingizni bolangizni davolatishga ishlatib, dorixonama-dorixona yugurishga majbur bo‘lasiz”, degan hokim Turdimov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi 41 kishi uy sharoitida tayyorlangan salatdan zaharlangandi. Shu oyda Samarqand shahrida 49 kishi xot-dogdan zaharlandi. Sentyabr oyida ham viloyatning Past Darg‘om tumanida bir necha fuqaro ovqatdan zaharlandi.
LiveBarchasi