Yevrosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyoda islomiy moliyani rivojlantirmoqchi
Olam
−
12 Oktabr 2023
3522Yevrosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyoda islomiy moliyani faol targ‘ib qila boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda bank ma’muriyati kecha, 11 oktyabr kuni Marokashda bo‘lib o‘tgan Jahon bankining yillik yig‘ilishida bildirgan.
E’lon qilingan bayonotda aytilishicha, 2022 yil boshida islomiy moliyaning global aktivlardagi ulushi atigi 1 foizni tashkil etadi.
Segment tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda: 2015-2021 yillarda dunyoda islom aktivlari hajmining o‘rtacha yillik o‘sishi an’anaviy moliyaviy aktivlar bo‘yicha 5,8 foizga nisbatan 10,5 foizni tashkil etdi.
Bayonotda aytilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari – Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo davlatlar (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston) aholisining asosiy qismi musulmonlardir. Shu bois, shariatga muvofiq moliyalashtirishga talab ortib bormoqda.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi islom aktivlari 2021 yilning oxiriga kelib barcha bank aktivlarining 0,2 foizini, Qirg‘izistonda – 1,5 foizini, Tojikistonda – 1,1 foizini tashkil qilgan.
O‘zbekiston va Turkmanistonda bu kabi statistik ma’lumotlar e’lon qilinmagan.
“Markaziy Osiyoda jami bank aktivlaridagi ulush ahamiyatsiz bo‘lishiga qaramay, mintaqaning bir qator mamlakatlarida moliyalashtirishni shariatga muvofiq tartibga soluvchi qonun hujjatlari qabul qilindi, bu esa islomiy moliyaning bank va lizing kabi segmentlarini shakllantirish imkonini berdi”, deyiladi bayonotda.
Ushbu tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030–2035 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyodagi islomiy moliya aktivlarining potensial hajmi 10 milliard dollarga yetishi mumkin.
“Bank hozirda Markaziy Osiyoda islom moliyasini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Fors ko‘rfazi mamlakatlari moliya institutlari bilan hamkorlikni faol kengaytirmoqda, xususan, Islom taraqqiyot banki guruhi tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bank Markaziy Osiyodagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2024 yilda xalqaro bozorga 500 million dollarlik sukuk (obligatsiyalarning islom ekvivalenti) chiqarishni rejalashtirmoqda, bu esa mintaqa uchun etalonga aylanishi mumkin. Mablag‘lar yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan potensial loyihalar ro‘yxati allaqachon tuzilgan.
Yevrosiyo taraqqiyot banki ushbu hududda investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi mintaqaviy moliya tashkilotdir. Uning ustav kapitali 7 mlrd dollar. Bank portfelidagi asosiy ulush transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida integratsiya effektiga ega bo‘lgan loyihalarga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi