Yevroparlament Ozarbayjonga sanksiyalar bilan tahdid qildi

Olam

image

Kecha, 28 fevral kuni Yevropa parlamenti Ozarbayjonga qarshi zudlik bilan sanksiyalar qo‘llashni va Armanistonga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda, Ozarbayjon bilan strategik energetika sherikligi to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini to‘xtatib turishni talab qiluvchi tashqi siyosat, xavfsizlik va mudofaa siyosati bo‘yicha ikkita rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda armanistonlik deputat Artur Ovannisyan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning yozishicha, rezolyutsiyalar Ozarbayjon harbiy-siyosiy rahbariyatiga qarshi maqsadli va shaxsiy sanksiyalarni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rish, Armanistonga qarshi har qanday harbiy tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda mamlakatdan neft va gaz importini to‘xtatishni talab qiladi.

Shuningdek, hujjatlarda Yevropa Ittifoqining Armanistondagi kuzatuvchi missiyasi vakolatini kengaytirish hamda ularning Armaniston-Ozarbayjon chegarasida qolish muddatini uzaytirish zarurligi ham ko‘rsatilgan.

Qayd etish joizki, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili Peter Stano shu hafta boshida Bakuga qarshi sanksiyalarni qo‘llash oxirgi chora bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Эслатиб o‘tamiz, kecha, 28 fevral kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi raisi Xarms Mixael boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilganida mamlakatning Armanistonga hujum qilish niyati yo‘qligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Evroparlament

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing