Yevroparlament Orbanni ovoz berish huquqidan mahrum qilmoqchi
Olam
−
16 iyul
3927Yevroparlamentning 63 nafar a’zosi Vengriya Bosh vazir Viktor Orbanning Rossiya va Xitoyga safari ortidan YeIdagi ovoz berish huquqidan mahrum qilishni talab qildi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Bildirilishicha, Yevroparlament a’zolari Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel va Yevropa Parlamenti rahbari Roberta Metsolaga murojaat qilib, Orban Kengash raisi rolidan foydalanib va suiiste’mol qilib, katta zarar yetkazganini ta’kidlagan.
Qonunchilarning fikricha, Vengriya Bosh vaziri Rossiya va Xitoyga tashrifi chog‘ida “o‘z vakolatlarini ataylab buzib ko‘rsatgan”. Shu munosabat bilan ular Yevroparlamentni tegishli javob berishga chaqirdi.
“Bu Vengriyaning kengashdagi ovoz berish huquqini to‘xtatib turish kabi haqiqiy harakatlarni talab qiladi, chunki tajriba shuni ko‘rsatdiki, bu vaziyatni og‘zaki qoralash hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, deb xulosa qildi qonunchilar.
Nashrning aniqlik kiritishicha, maktub Yevroparlamentning qator parlament guruhlari, jumladan, Yevropa xalq partiyasi, Yangilanayotgan Yevropa va Yashillar partiyasi a’zolari tomonidan tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yevropa Ittifoqi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni qanday jazolash kerakligini aniqlashga harakat qilayotgani va Bryusselga uning Ukraina masalasidagi faolligi, ayniqsa yaqinda Moskvaga qilgan safari yoqmagani xabar qilingandi.
Azizbek Eshmamatov