Yevroparlament Finlyandiya va Shvetsiya sabab Turkiyaga tahdid qildi

Olam

image

Yevropa parlamenti yetakchi fraksiyasi – Yevropa xalq partiyasi (YeXP) rahbari Manfred Veber Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilsa, alyansda yakkalab qo‘yilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda u kecha, 15 may kuni “Funke” media guruhiga ma’lum qildi.

“NATO hamjihatligini shubha ostida qoldiradigan har bir kishi birlashma ichida yakkalanib qoladi. Agar ikkala davlatning o‘zi [NATOga a’zo bo‘lishni] xohlasa, Finlyandiya va Shvetsiya uning bir qismidir. Uni sekinlashtirish yoki blokirovka qilish uchun hech qanday sabab yo‘q”, degan Veber.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 13 may kuni Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish imkoniyatini ijobiy deb hisoblamasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar terrorchilik tashkilotlari, xususan, Turkiyada taqiqlangan Kurdiston mehnatkashlar Partiyasi a’zolari uchun “mehmon uyi”ga aylangan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Turkiya Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing