Yevropaning yetti davlati Ukrainaga qish uchun yordam bermoqchi
Olam
−
29 noyabr 2022
3964Islandiya, Latviya, Litva, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Estoniya Tashqi ishlar vazirlari Ukrainani qishga tayyorgarlik ko‘rish va energetika infratuzilmasini tiklashda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Bu haqda Yevropaning yetti davlati va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Kiyevdagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.
“Biz yana gumanitar yordam ko‘rsatishga va Ukrainaning qishga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, Ukraina energetika infratuzilmasini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da beramiz”, deyiladi kecha, 28 noyabr kuni Ukraina TIV saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonot matnida.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirlari o‘z bayonotlarida g‘alla tashabbusini kengaytirishni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, ular kiberxavfsizlik va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishni istaydi.
Shu bilan birga, e’lon qilingan bayonotning ko‘plab bandlari Rossiya Federatsiyasiga qarshi qaratilgan. Xususan, vazirlar sanksiyalarni kuchaytirish va Rossiya fuqarolariga YeIga kirish uchun vizalar berishni cheklash zarurligini yana bir bor qayd etdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba havo hujumidan mudofaa tizimlari va transformatorlarni Kiyev mamlakat energetika tizimini tiklash uchun zarur bo‘lgan asosiy elementlar deb atadi.
8 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina “mustaqillik yillarida eng og‘ir qishni” boshdan kechirishiga to‘g‘ri kelishini, shu sababli gaz va ko‘mir eksporti vaqtincha to‘xtatilishini aytdi. Bosh vazir Denis Shmigal ham “Ukraina tarixidagi eng og‘ir isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishni” tavsiya qildi. Unga ko‘ra, mamlakat energetika tizimining deyarli 50 foizi nosoz.
LiveBarchasi