Yevropaning yana bir davlati Falastinni tan olishi mumkin

Olam

image

Litva Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish va barcha asirlarni ozod qilish sharti kuchga kirishi bilan Falastinni tan olishi mumkin. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Budrisning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, mintaqada barqarorlikka olib keladigan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish birinchi navbatdagi vazifa bo‘lishi kerak.

“Bu jarayonning tarkibiy qismlaridan biri, shubhasiz, Falastin davlatining mavjudligi bo‘lishi kerak”, degan mamlakat TIV rahbari.

Budrisning qo‘shimcha qilishicha, Litva Fransiyaning tashabbuslari va boshqa davlatlarning qarorlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

“Ko‘pchilik bo‘lganida va vaqti kelganini ko‘rganimizda, biz albatta Falastinni tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz”, degan Budris.

Shuningdek, vazir to‘g‘ri vaqtda va to‘g‘ri sharoitda harakat qilish muhimligini ta’kidlagan.

“Men bunga erisha olishimizga ishonaman. Lekin masala shundaki, buni qachon va qanday shartlar asosida amalga oshirish kerak va bu uzoq vaqtdan beri fojia yoqasida turgan vaziyatni yaxshilashga qanday ta’sir qiladi”, deya qo‘shimcha qiladi TIV rahbari.

Shuningdek, u garovga olinganlar taqdiri haqida qayg‘urib, ularning qanchasi tirik ekani noma’lumligini, sulhning buzilishi chuqur xavotir uyg‘otayotganini ham aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 aprel kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “France 5” telekanaliga bergan intervyusida Parij yaqin oylarda Falastinni tan olishi mumkinligini aytgandi.

Uning ta’kidlashicha, tan olish masalasi Fransiya Saudiya Arabistoni bilan birgalikda tashkil etadigan ikki davlat qarori bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Isroil esa Makronning ushbu so‘zlarini keskin tanqid qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Litva Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing