Yevropaning sobiq bosh diplomati qo‘lga olindi

Olam

image

Yevropa diplomatiyasining sobiq rahbari Federika Mogerini Belgiyada qo‘lga olindi. Bu haqda “Le Soir” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ish Yevropa diplomati bo‘ladigan kadrlarni tayyorlaydigan Yevropa kollejidagi o‘quv dasturini moliyalashtirish bilan bog‘liq. Mogerini 2020 yildan beri shu kollejning rektori hisoblanadi. 2014–2019 yillarda u Yevropa Ittifoqining tashqi siyosati va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili bo‘lgan.

Tergov “davlat kontraktlarini tuzishda firibgarlik, poraxo‘rlik, manfaatlar to‘qnashuvi va kasbiy maxfiylikni buzish” ehtimoli bilan bog‘liq. Bu holatlar Bryuggeda joylashgan, kelajak diplomatlarini tayyorlaydigan Yevropa kollejida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

“Le Soir” nashrining yozishicha, gap to‘qqiz oylik o‘quv dasturini moliyalashtirish jarayonidagi ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida ketmoqda. Nashrning ma’lumotiga ko‘ra, Mogerinidan tashqari Yevropa kollejining rahbari va Yevropa tashqi aloqalar xizmati sobiq bosh kotibi – italiyalik diplomat Stefano Sannino ham qo‘lga olingan.

Kollej vakilining aytishicha, u Mogerini qo‘lga olingan–olinmaganini bilmaydi va qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortgan.

Oldinroq, OAV Yevropa kollejida tintuvlar o‘tkazilgani haqida xabar bergandi. O‘shanda uch kishi qo‘lga olingani aytilgan, ammo ularning ismlari oshkor qilinmagan. Nashrga ko‘ra, tekshiruv diplomatlar tayyorlash bo‘yicha loyihaga ajratilgan mablag‘lar doirasidagi tender bilan bog‘liq. Ish talabalarga mo‘ljallangan, 3,2 million yevroga sotib olingan binoga taalluqli.

Mogerini 52 yoshda. U 2014–2019 yillarda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat rahbari bo‘lgan. Undan avval, 2014 yil fevral–oktyabr oylarida Italiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, 2008–2014 yillarda Italiya parlamenti quyi palatasi deputati bo‘lgan.

Mogeriniga oid tergovni Belgiya va Yevropa prokuraturasi olib bormoqda. Yevropa prokuraturasi – 2021 yilda tashkil etilgan mustaqil organ bo‘lib, YeI mablag‘lari bilan bog‘liq firibgarlik, poraxo‘rlik, pul yuvish kabi jinoyatlar bilan shug‘ullanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Mogeri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing