Yevropaning yangi sun’iy yo‘ldoshi Yerning ilk suratlarini yubordi
Olam
−
14:03 608 2 daqiqa
Yevropa kosmik agentligining Sentinel-3C sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarilganidan ikki hafta o‘tib, Yerning ilk suratlari va o‘lchov ma’lumotlarini uzatdi. Bu haqda “Naked Science” nashri xabar berdi.
Sentinel-3C – Yevropaning Copernicus Yer kuzatuv dasturi doirasidagi Sentinel-3 turkumiga mansub uchinchi sun’iy yo‘ldosh. U okeanlar, quruqlik, muzliklar va atmosfera holatini muntazam kuzatish uchun mo‘ljallangan.
Sun’iy yo‘ldoshning dastlabki tasvirlari okeanlar va quruqlik rangini kuzatuvchi qurilma yordamida olingan. Suratlarda Italiyaning janubiy Germaniyadan Sitsiliya va O‘rta Yer dengizining janubiy qismigacha bo‘lgan hududi, Kanada Arktika arxipelagining bir qismi hamda Karib dengizi aks etgan.
Italiya tasvirida Po daryosi vodiysi, qor bilan qoplangan Alp tog‘lari, Apennin yarimoroli va uning atrofidagi dengizlar ko‘rinadi. Quruqlikdagi yashil va jigarrang ranglar o‘simlik qoplami hamda yerlardan foydalanishdagi farqlarni aks ettiradi. Adriatika dengizining ayrim qirg‘oqbo‘yi hududlarida suvning och ko‘k rangda ko‘rinishi daryolar orqali dengizga tushadigan cho‘kindilar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Kanada Arktikasi tasvirida qor va muz bilan qoplangan orollar, chuqur fordlar hamda ochiq suv yuzasidagi muz parchalari ko‘zga tashlanadi. Mutaxassislar Arktikadagi o‘zgarishlarni kuzatishni muhim deb hisoblaydi, chunki mintaqa Yerning boshqa hududlariga qaraganda tezroq isimoqda. Bu esa quruqlikdagi muzliklar va dengiz muzlarining erishini tezlashtirmoqda.

Karib dengizi tasvirida Kuba va Bagama orollari ko‘rsatilgan. Orollar atrofidagi sayoz suvlar yorqin feruza rangda, chuqur dengiz hududlari esa to‘q ko‘k rangda ko‘rinadi.

Sentinel-3 sun’iy yo‘ldoshlari okean yuzasining harorati, rangi va balandligini, shuningdek, dengiz muzlarining qalinligini o‘lchaydi. Quruqlikda esa qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari, o‘simliklar holati va suv havzalaridagi sath o‘zgarishlarini kuzatishda foydalaniladi. Olingan ma’lumotlar ob-havo prognozlarini tayyorlash va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganishga ham yordam beradi.
Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldoshdagi radar balandlik o‘lchagichi dengiz sathining o‘zgarishini kuzatish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, dengiz sathining ko‘tarilishi xavfi ostidagi orollar va qirg‘oqbo‘yi hududlari uchun muhim.
Yevropa kosmik agentligi Sentinel-3C sun’iy yo‘ldoshini to‘liq ishlatishga tayyorlash ishlarini davom ettirmoqda. Bu jarayon yana taxminan besh oy davom etishi kutilmoqda. Shunga qaramay, orbitaga chiqarilganidan ikki hafta o‘tib olingan dastlabki tasvirlar apparatning ishlashi muvaffaqiyatli boshlanganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vantor kompaniyasining sun’iy yo‘ldoshi Yerdan qariyb 1,5 milliard kilometr uzoqlikdagi Saturn sayyorasini suratga olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi