Yevropaning to‘rt davlati rossiyaliklar uchun chegarani yopdi

Olam

image

Estoniya, Latviya, Litva va Polsha bugun, 19 sentyabrdan boshlab Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida berilgan Shengen vizasi bilan Rossiya va Belarus fuqarolarining kirishiga taqiq joriy qilmoqda. Bu haqda Estoniya TIV xabar berdi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari 1 sentyabr kuni Pragada bo‘lib o‘tgan norasmiy yig‘ilishda Rossiya va YeI o‘rtasidagi viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatib turishga kelishib olgandilar. Shu tariqa, ularni olish ko‘proq vaqt talab qiladigan, murakkab va qimmat jarayonga aylanadi.

Ular, shuningdek, Rossiya bilan chegaradosh davlatlar o‘z fuqarolarining mamlakatga kirishini milliy darajada cheklashi mumkinligi haqida kelishuvga erishdilar. Shundan so‘ng Varshava, Vilnyus, Riga va Tallin birgalikda Yevropa Ittifoqiga tashrif buyurishdan maqsadi turizm, biznes, sport yoki madaniyat bo‘lgan rossiyaliklarga sayohat cheklovlarini joriy etishga kelishib oldi.

Yevropa Ittifoqi yuk mashinalari haydovchilari, diplomatlar, shuningdek, gumanitar sabablarga ko‘ra chegarani kesib o‘tganlar, jumladan dissidentlar uchun istisnolar belgilagan.

Estoniyada ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan Rossiya fuqarolari endi mamlakatga tashrif buyurish uchun viza ololmaydilar va o‘z mulklarini masofadan turib boshqarishlari kerak bo‘ladi.

Avvalroq Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi hududiga tashrif buyurish “huquq emas, imtiyoz” degan fikrni bildirgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan havo aloqalari yopilganligi sababli, uning fuqarolari Yevropaga yetib borishi uchun yo‘l uchta davlat – Estoniya, Finlyandiya va Latviyadan o‘tadi.

18 avgustdan boshlab Tallin Estoniyada berilgan Shengen vizasi bilan Rossiya fuqarolarining kirishini taqiqladi, biroq respublikaga Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarining vizalari bilan kirish imkoni saqlanib qoldi.

Avvalroq Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Daniya, Belgiya va Niderlandiya rossiyaliklardan turistik vizalar uchun hujjatlarni qabul qilishni to‘xtatgan edi.

Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hukumatiga Shengen vizasi bo‘lgan rossiyaliklarga nisbatan Estoniyaning cheklovchi viza amaliyotini qo‘llashni tavsiya etmasligini aytdi. Idora bunday qarorlar Shengen kodeksiga zid ekanligini ta’kidladi. 19 sentyabrdan beri Finlyandiya ruslar quruqlik chegarasi orqali kirishi mumkin bo‘lgan yagona Yevropa Ittifoqi davlati bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya chegara

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing