Yevropaning 3 ta mamlakati Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi
Olam
−
22 may
10892Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumatlari bugun, 22 may kuni Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini ma’lum qildi. Isroil bunga javoban Irlandiya va Norvegiyadagi elchilarini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi. Bu haqda “Politico” nashri xabar bermoqda.
“O‘n minglab odamlar halok bo‘lgan va yaralangan. Urush o‘rtasida biz isroilliklar va falastinliklar uchun siyosiy yechim taklif qiladigan yagona muqobillikni, tinchlikni saqlab qolishimiz kerak”, deydi Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore.
Irlandiya Bosh vaziri Saymon Harris yaqin kunlarda 3 ta davlatning qaroriga boshqa davlatlar ham qo‘shilishiga ishonch bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Dublin, Oslo va Madrid ushbu qarorni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Falastinni davlat sifatida tan olishini tasdiqladi. Rasmiy ravishda mamlakatlarning bu boradagi qarorlari 2024 yil 28 maydan kuchga kiradi.
Qayd etish joizki, aprel oyi oxirida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel may oyining oxirigacha Falastin Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari tomonidan tan olinishini aytgan. Hozirgi vaqtda Yevropa davlatlari orasida Falastinning mustaqilligini Bolgariya, Vengriya, Kipr, Malta, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Shvetsiya tan olgan. Umuman olganda, Falastinni BMTning 193 davlatidan 143 tasi, jumladan, O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida tan olgan. Biroq G7 (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSH) davlatlaridan hech biri Falastinni tan olmagan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirlarida Yamayka hukumati ham Falastin davlatini tan olishga qaror qilgandi.
Habib Jo‘raboyev
LiveBarchasi