Yevropaning 3 davlati Ukraina uchun qurollarni YeI tashqarisidan sotib olishga qarshi chiqdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi doimiy vakillari yig‘ilishida ko‘pchilik davlatlar ittifoq mablag‘laridan Ukrainaga yordam berish uchun favqulodda chora sifatida blokdan tashqarida ishlab chiqarilgan snaryadlarni sotib olish uchun foydalanish qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroq Fransiya, Gretsiya va Kipr bu tashabbusga to‘sqinlik qildi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Politico” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi davlatlarning mazkur qarorni rad etishiga Yevropa qurol ishlab chiqaruvchilariga mahsulotlarini ko‘paytirishga buyurtma berish zarurati sabab bo‘lgan. 

“O‘tgan oyda yuqori martabali fransuz rasmiysi, agar ittifoq mart oyigacha Ukrainaga 1 million snaryad yetkazib berish maqsadiga erishmasa, Parij Yevropa Ittifoqidan tashqarida qurol sotib olishga ruxsat berishini aytdi”, deya ta’kidlaydi “Politico”.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida Yevropa mudofaa sanoatini rivojlantirish strategiyasining asosiy qisqa muddatli maqsadi “Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni davom ettirish” ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, kecha, 15 fevral kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammitning ustuvor mavzularidan biri snaryadlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘lib, ularning bir qismi Ukrainaga jo‘natiladi, ikkinchisi esa Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatayotgan ittifoqchi davlatlarning zaxiralarini to‘ldiradi. 

14 fevral kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg 2024 yilda NATOning 31 davlatidan 18 tasi yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan ko‘prog‘ini mudofaa uchun sarflashini ma’lum qildi. Shunday qilib, alyans 2014 yilda Uelsda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti rezolyutsiyasida blokka a’zo har bir davlatining harbiy xarajatlarini 10 yil ichida, ya’ni 2024 yilga borib YAIMning 2 foiziga yetkazish bo‘yicha belgilangan majburiyatni bajara olmadi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Evropa Ittifoqi Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing