Yevropaliklar AQSHga safarlarini bekor qila boshladi
Olam
−
13 aprel
8302Yevropa davlatlaridan kelgan sayyohlar Oq uy rahbari Donald Tramp davridagi siyosiy va iqtisodiy keskinliklar hamda chegaradagi adovatdan xavotirlar fonida AQSHga safarlarini bekor qila boshladi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Xalqaro savdo ma’muriyati (ITA, AQSH Savdo vazirligi tizimidagi agentlik) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning mart oyida AQSHda kamida bir kecha-kunduz qolgan g‘arbiy yevropalik sayohatchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamaydi. Irlandiya, Norvegiya va Germaniya kabi mamlakatlardan sayohatlar 20 foizdan ko‘proqqa kamaydi.
“Politico”ning yozishicha, Kanada sayyohlik agentliklari ham keskin pasayishni qayd etmoqda. Vankuverda joylashgan Travel Group kompaniyasi buyurtmalar 90 foizga kamayganini va Ottavada joylashgan Travac Tours iyul oyigacha AQSHdagi barcha turlarni bekor qilganini xabar qildi. “Tourism Economics” tahlilchilari bu yil Kanadadan sayohatlar 20 foizga kamayib, Qo‘shma Shtatlarga 3,4 milliard dollar yo‘qotilgan daromad keltirishini kutmoqda.
ITA ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Qo‘shma Shtatlarga tashrif buyurgan xalqaro sayyohlarning umumiy soni 12 foizga kamaydi. Bu koronavirus pandemiyasi sababli cheklovlar joriy etilgan 2021 yilning mart oyidan beri eng keskin pasayishdir.
Ushbu tendensiya mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2,5 foizini tashkil etuvchi AQSH turizm sanoatiga tahdid solmoqda. Ayrim aviakompaniyalar va mehmonxona tarmoqlari transatlantik sayohatlarga talab kamayishi haqida ogohlantirmoqda.
“Atigi ikki oy ichida Tramp AQSH obro‘sini yo‘qqa chiqardi, bunga YeIdan sayohatlar qisqarganini misol qilish mumkin. Bu nafaqat AQSH iqtisodiga yana bir dahshatli zarba, balki qayta tiklanishi uchun avlodlar kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan obro‘ga zarar yetkazildi”, dedi “Kayak” sayyohlik saytining asoschisi Pol Inglish.
Shu bilan birga, Amerika shtatlari va shaharlarining rasmiylari federal hukumat siyosatiga qo‘shilmasligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
“Menimcha, umuman olganda, Kanada va Yevropadan kelgan odamlar Nyu-York butun dunyodan kelgan odamlarni kutib oladigan mehmondo‘st joy ekanini biladi”, dedi New York City Hospitality Alliance ijrochi direktori Endryu Rigi.
Oq uy matbuot kotibining aytishicha, Trampning “Amerikani yana boy, xavfsiz va go‘zal qilish” rejalari ham amerikaliklar, ham xalqaro sayohatchilar uchun foydali bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Washington Post” sobiq va amaldagi federal amaldorlarga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati prezidentligining birinchi yilida 1 milliongacha muhojirni deportatsiya qilmoqchiligi haqida yozgandi.
LiveBarchasi