Yevropaga yo‘l olgan 1,2 ming migrant dengizda cho‘kib ketgan – BMT
Olam
−
13 avgust 3511 2 daqiqa
Joriy yil boshidan beri Yevropaga dengiz orqali yetib borishga uringan jami 1 212 noqonuniy migrant halok bo‘lgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng ko‘p o‘lim holatlari (675 kishi) O‘rtayer dengizining markaziy qismini kesib o‘tish paytida sodir bo‘lgan. Atlantika okeanining Afrika g‘arbiy sohili bo‘ylab 250 kishi, O‘rtayer dengizining g‘arbiy qismida 155 kishi, sharqiy qismida esa 132 kishi halok bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy migrantlar ko‘pincha Ispaniya, Italiya va Gretsiya sohillariga yetib borib, u yerda hukumatga taslim bo‘lishga va boshpana olishga umid qiladi yoki quruqlikdan qit’a ichkarisiga o‘tishga harakat qiladi.
Yevropaga dengiz orqali noqonuniy jo‘nab ketishning eng ko‘p uchraydigan nuqtalari sifatida Turkiyaning g‘arbiy sohili, Liviya, Tunis, Jazoir, Marokash va G‘arbiy Sahroi Kabir sohillari qayd etilgan. Joriy yilda dengiz orqali Yevropaga eng ko‘p noqonuniy kirganlar orasida birinchi o‘rinda Bangladesh fuqarolari (11 331 kishi), ikkinchi o‘rinda misrliklar (7 599 kishi), uchinchi o‘rinda esa afg‘onlar (6 616 kishi) turadi. Shuningdek, ilk o‘ntalikka Mali, Eritreya, Sudan, Jazoir, Pokiston, Somali va Senegal fuqarolari ham kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kamida 68 nafar efiopiyalik muhojir Yaman sohillari yaqinidagi Adan ko‘rfazida ularni olib ketayotgan qayiq ag‘darilishi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi.