Fransiya Rossiya tankerini ushlab qoldi (video)

Olam

image

Fransiya Harbiy-dengiz kuchlari bugun, 1 iyun kuni Atlantika okeanida, Fransiyaning Bretan sohillaridan taxminan 740 kilometr g‘arbda Rossiya neft savdosi bilan bog‘liq sanksiya ostidagi tankerini to‘xtatib, uni Fransiya qirg‘oqlariga yo‘naltirdi. Operatsiya xalqaro suvlarda amalga oshirilgan bo‘lib, kemaga maxsus kuchlar vertolyotlar orqali tushirilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ushbu operatsiya videosini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib, tanker Rossiyaning “soya floti” tarkibiga kirishi va sanksiyalarni chetlab o‘tishda gumon qilinayotganini ma’lum qilgan.

Fransiya rasmiylariga ko‘ra, tanker Rossiyaning Murmansk portidan yo‘lga chiqqan va soxta bayroq – Madagaskar bayrog‘i ostida harakatlangan bo‘lishi mumkin. Tekshiruv davomida kema hujjatlarida qonunbuzarlik alomatlari aniqlangani bildirilgan.

Mazkur tanker G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun ishlatilayotgan Rossiyaning “soya floti” tizimiga aloqador bo‘lishi mumkinligi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Fransiya va Buyuk Britaniya bunday kemalarga qarshi choralarni kuchaytirib bormoqda.

Rossiya tomoni esa ushbu harakatni noqonuniy deb atab, uni “xalqaro qaroqchilik” deb baholadi va yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun javob choralarini ko‘rishini bildirdi.

Hozirda tanker Fransiya harbiy-dengiz kuchlari kuzatuvi ostida mamlakat shimoli-g‘arbiy qirg‘oqlari tomon olib ketilmoqda.

Ma’lumot uchun, “soya floti” kemalari – bu odatda sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatiladigan tankerlar guruhi bo‘lib, ular neft va gaz tashish bilan shug‘ullanadi. Lekin rasmiy hujjatlarda ularning egasi yoki kelib chiqishi yashirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday kemalar ko‘pincha eski bo‘ladi va turli davlatlar bayroqlari ostida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ularning asosiy vazifasi – cheklovlarga qaramay neft savdosini davom ettirish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa davlatlari Rossiyaning “soya floti”ga tegishli tankerlarni musodara qilish imkoniyatini muhokama qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili va boshqa Yevropa davlatlari vakillari bu masalani Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida ko‘rib chiqqan. Takliflar orasida kemalarni qo‘shma harbiy operatsiyalar orqali qo‘lga olish variantlari ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Atlantika okeani soya floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing