O‘rta Yer dengizi suvi g‘ayritabiiy tarzda isib ketdi

Olam

image

O‘rta Yer dengizida suv harorati anomal darajagacha ko‘tarildi. 2025 yil iyun oyida uning ayrim hududlarida suv harorati mavsumiy me’yordan 5 darajadan ortiq oshgan. Bu haqda Yerni sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatuvchi Copernicus xizmati ma’lumotiga tayanib, “Der Spiegel” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul kuni maksimal harorat 29,85 darajagacha yetgan. Ayniqsa, dengiz Balear orollari, Ispaniyaning O‘rta Yer dengizi qirg‘og‘i va Fransiyaning janubiy sohilida kuchliroq isigan. Bu hududlarda suv harorati deyarli “uydagi vannadek” darajaga yetgan. Bunday ko‘rsatkichlar odatda yozning eng issiq pallalarida kuzatiladi.

Olimlar rekord darajadagi issiq suv to‘lqinlari yaqinda – 2022 va 2023 yillarda ham kuzatilgani, endi esa bu ekstremal issiqlik bosqichlari g‘ayrioddiy darajada uzoq davom etayotganidan xavotirda.

Bunday holat butun mintaqaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bildirilishicha, anomal issiq suv dengiz ekotizimi uchun stress manbai: ba’zi turlar moslashmoqda, boshqalari esa yo‘qolish xavfi ostida, marjonlar, dengiz o‘tlari va mollyuskalar ommaviy halokatga uchrashi mumkin. Baliqchilik ham zarar ko‘rmoqda, chunki baliqlar boshqa hududlarga ko‘chmoqda yoki populyatsiyalar kamaymoqda.

“Dengizdagi issiqlik quruqlikdagi jazirama bilan ham bevosita bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar tabiatda barcha hodisalar o‘zaro bog‘liqligini eslatib, iliqroq suv “ko‘proq jamlangan energiya” ekanini aytmoqda. Bu esa bug‘lanishdan keyin havo namligining oshishiga, to‘fonlar, suv toshqinlari va kuchli bo‘ronlarga olib kelishi mumkin.

Bunday hodisalar bugungi kunda dunyo bo‘ylab boshqa dengizlarda ham kuzatilmoqda, okeanlar endi ortiqcha issiqlikni o‘zlashtira olmayapti. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Yerning energetik muvozanati buzilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi ikki yetakchi meteorologik agentlik yillik hisobot e’lon qilib, keyingi besh yil ichida global harorat tarixdagi eng yuqori yoki unga yaqin darajaga chiqishini, bu esa yanada xavfli ob-havo hodisalariga olib kelishi mumkinligini xabar qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'rtaer dengizi Copernicus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing