Yevropadagi jazirama qurbonlari soni 3 700 nafarga yetdi

Olam

image

Joriy yilning iyun oyida Yevropani qamrab olgan kuchli issiq to‘lqini davrida Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3 700 nafardan ortiq o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Mutaxassislarning bildirishicha, taxminan 20-28 iyun kunlari kuzatilgan issiq to‘lqini Yevropa tarixidagi eng og‘irlaridan biri bo‘lib, elektr energiyasi ishlab chiqarishga, infratuzilmaga va sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy bosim o‘tkazgan. Olimlar ekstremal harorat deyarli aniq ravishda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanini qayd etmoqda.

Fransiya Sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Ristning ma’lum qilishicha, issiq to‘lqini davomida mamlakatda 2 025 nafardan ko‘p o‘lim qayd etilgan. Ayniqsa, 45 yoshdan katta aholi o‘rtasida o‘lim holatlari sezilarli oshgan.

Fransiya jamoat salomatligi agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 22-28 iyun kunlari uy sharoitidagi o‘limlar avvalgi haftaga nisbatan 91 foizga ko‘paygan. Qariyalar uylari va tibbiyot muassasalarida ham o‘lim holatlari oshgan.

“O‘limlar soni dastlabki raqamlardan ham yuqori bo‘ladi”, deya ogohlantirgan agentlik.

Belgiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 18-29 iyun oralig‘ida taxminan 1 200 nafar atrofida o‘lim qayd etilganini ma’lum qilgan. Ularning 530 nafari 85 yoshdan oshganlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 65 yoshgacha bo‘lganlar orasida esa o‘lganlar soni 180 nafarga yetgan.

“Issiq to‘lqini paytida bunday darajadagi ortiqcha o‘lim mamlakatimiz uchun misli ko‘rilmagan holatdir”, degan vazirlik bayonotida.

Niderlandiya hokimiyati esa issiq to‘lqini oqibatida taxminan 480 kishidan ortiq o‘lim holati kuzatilganini bildirgan. Mas’ullarning ma’lumotiga ko‘ra, ularning aksariyati 80 yoshdan oshgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyada joriy yilning iyun oyida kuzatilgan issiq havo fonida kamida 900 kishi vafot etgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing