Yevropada vaziyat “portlash” darajasiga yetgan — Shoygu

Olam

image

Yevropada hozirda vujudga kelgan vaziyat portlash darajasiga yetgan va uni yumshatish bo‘yicha qarorlar qabul qilishni talab qiladi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasida ma’lum qildi.

Umuman olganda, Yevropada vaziyat portlovchi bo‘lib, bu vaziyatni yumshatish uchun aniq choralar ko‘rishni talab qiladi. Rossiya tomonidan bir qator chora-tadbirlar taklif qilingan. Masalan, mashqlar o‘tkaziladigan hududlarni to‘qnashuv chizig‘idan uzoqlashtirish haqida gap borgan”, degan Shoygu.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, yana bir taklif Rossiya Federatsiyasining Yevropada o‘rta va qisqa masofalarga mo‘ljallangan raketalarni joylashtirishga moratoriy qo‘yish to‘g‘risidagi bayonotida aytib o‘tilgan.

“Bunday raketalar Yevropa mamlakatlari aholisi uchun alohida xavf tug‘diradi, chunki ular odatiy va shu bilan birga yadroviy kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. Ularning Yevropaga joylashtirilishi yevropaliklar SSSR va AQSH qarama-qarshiligi garoviga aylangan davrdagi vaziyatni qaytaradi”, deya ta’kadlaydi RF Mudofaa vaziri.

Bundan tashqari, Shoygu ba’zi Yevropa davlatlari Rossiya bilan mojaroni kuchaytirishdan manfaatdor deb hisoblamoqda. Misol tariqasida, vazir Bryusseldagi NATO sammiti arafasida “Donbassda yana bir inqirozni keltirib chiqargan” Ukrainaning harakatlarini keltirdi.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada harbiy qarama-qarshilikning kuchayishi tendensiyasi mustahkamlanib kelmoqda. 

“Shimoliy Atlantika alyansi Rossiya va Belarus Ittifoqi davlatlari chegaralariga qo‘shinlarni tezkor o‘tkazish yo‘nalishlarini ishlab chiqib, yuqori tayyorgarlikka ega guruhlar sonini ko‘paytirmoqda”, deya ta’kidladi u. 

Shoygu so‘zining isboti sifatida Ittifoqning sharqiy qanotida olib borilgan hujumkorlikni namoyon qiluvchi Defender-Europe mashqlarini keltirib o‘tgan.

RF Mudofaa vaziri Yevropadagi xavfsizlik sohasidagi vaziyat ko‘p jihatdan AQSHga bog‘liqligini ta’kidladi. U, shuningdek, NATOning Rossiya bilan aloqa qilishdagi yondashuvi keskinlikni yumshatishga xizmat qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu konferensiyasi doirasida so‘zga chiqqan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu NATO kuchlarining Afg‘onistonni tark etishi fonida mamlakatda avj olgan keskinlikka to‘xtalib, vaziyatni yechish uchun tezkor choralar ko‘rish va bunga xalqaro hamjamiyatni jalb qilish borasida fikr yuritdi.

Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham ushbu konferensiyasi doirasida so‘z olib, dunyoga xavf solayotgan tahdidlarni sanab o‘tgandi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov qator davlatlar terrorchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlab o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Shoygu

Baholaganlar

381

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing