Yevropada tamaki muammosi. Mintaqa yoshlari yangi tobelikka uchragan

Jamiyat

image

Yevropa mintaqasida istiqomat qiluvchi yoshlar orasida tamakidan foydalanish tobora kamayib bormoqda, ammo yutuqlar bir xil emas. Qit’adagi ayrim mamlakatlardagi yoshlarning aksar qismi ushbu zararli odatga o‘rganib bormoqda. Ammo elektron sigaretlarning mashhurligi barcha joyda oshayapti. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilgan. 

Ba’zi mamlakatlardagi o‘spirinlar o‘rtasida elektron sigaretdan foydalanish an’anaviy sigaret chekishdan ancha yuqorilab ketgan. Masalan, Polshada talabalarning 15,3 foizi oddiy sigaret cheksa, 23,4 foizi elektron sigaretni afzal, deb biladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, elektron sigaret va isitiladigan tamaki (IT)ga o‘xshash boshqa innovatsion mahsulotlarga qaramlik o‘zida global tamaki epidemiyasining keyingi bosqichini aks ettiradi. Elektron sigaretlar tamakisiz bo‘ladi va ba’zida ularda umuman nikotin bo‘lmaydi. Biroq, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mahsulotlar o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaradi va sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.

Isitilgan tamaki mahsulotlaridan foydalanish tanani zaharlaydi va tamaki tutunida mavjud bo‘lgan kimyoviy moddalarga duchor qiladi. Elektron sigaretlar esa yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklari xavfini oshiradi. Ushbu mahsulotlar bolalar va o‘spirinlar uchun, ayniqsa, xavflidir. Chunki u miya rivojlanishiga uzoq vaqt zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Masalan, Gruziyada talabalarning elektron sigaretdan foydalanish darajasi 2014 yildagi 5,7 foizdan 2017 yilda 13,2 foizga, Latviyada esa 2011 yildagi 9,1 foizdan 2019 yilda 18 foizgacha o‘sgan.

“Tamaki tutunidan ozodlik” hamkorligi tamaki pandemiyasiga qarshi kurashuvchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. Uning yetakchisi Anki Tomning so‘zlariga ko‘ra, eng dolzarb choralardan biri bu qonunchilikdagi tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalar va ITni reklama qilishga imkon beradigan bo‘shliqlarni bartaraf etishdir.

Dizayn o‘zgarishlar, mahsulot turlarini kengaytirish, turli xil atirlar, mashhur ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilan hamkorlik, musiqiy festivallarga homiylik qilish – shu va shunga o‘xshash boshqa usullar yosh iste’molchilar e’tiborini jalb qilish uchun ishlatiladi. 

“Yevropaning aksariyat mamlakatlarida an’anaviy tamaki va innovatsion tamaki mahsulotlarning onlayn reklamasi taqiqlanganiga qaramay, sanoat ushbu qoidalarni transchegaraviy darajada buzmoqda", deydi Tom.

Mutaxassislar turli hukumatlar va Yevropa Ittifoqini tamaki bilan kurashish bo‘yicha tadqiqotlar uchun mablag‘ ajratishga va eng samarali choralarni izchil amalga oshirishga chaqirmoqda. “Tamaki tutunidan ozodlik” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tamaki sanoati turli tashabbuslarni moliyalashtirish orqali olimlarni o‘z tomoniga jalb qilishga harakat qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

tamaki nikotin

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing